Yangi Zelandiyadagi terror xuruji haqida amerikaliklar qanday fikrda?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Yangi Zelandiyadagi ikki masjidda yuz bergan terror xuruji dunyo ahlini chuqur g'ayg'uga soldi, jumladan, amerikaliklarni ham.

"Bizning jamiyatda ham shunga o'xshash narsa ro'y berishi mumkinmi, degan qo'rquv doim bor", - deydi michiganlik musulmon.

Xurujni uyushtirgani aytilayotgan shaxs nafratga to'la manifest e'lon qilgan va sudda qo'li bilan oq millatchilik ramzini ko'rsatgan. Yangi Zelandiya uchun bunday hodisa aqlga sig'maydigan yangilik, Amerika esa bunday fojiani Janubiy Karolinadagi cherkovda va Pensilvaniyadagi sinagogada allaqachon boshdan kechirgan.

"Nafrat va qurolni birlashtirsangiz, natijasi yaxshi bo'lmaydi", - deydi sobiq ravvin Chak Daymond.

Bir paytlar ko'zga ko'rinmay yurgan oq millatchilar 2017-yil Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahri ko'chalarini to'ldirdi. Ular internetda ham faollashgan.

"Ular kelib chiqishi yevropalik bo'lgan oqlar oq bo'lmaganlardan ustun deb ishonadi. Jamiyatda oq irqchilik kuchaymoqda. Ular soyalardan chiqishdi", - deydi xavfsizlik bo'yicha ekspert Jon Koen.

"Bunga ijtimoiy tarmoqlarning ham aloqasi bor. Bunday odamlarning ijtimoiy tarmoqlarga qo'shilishi uchun to'siqlar juda kam. Ijtimoiy tarmoq egalari va internet xizmatini ko'rsatuvchilar nafratga asoslangan materiallar bo'yicha yanada ogoh bo'lishi kerak", - deydi sobiq ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson.

Prezident Donald Tramp ham xurujni qoraladi.

"Juda dahshatli voqea. AQSh doim siz bilan deb bosh vazirga aytdim", - dedi Tramp.

Ayni paytda prezidentning oq millatchilikni o'sayotgan tahdid sifatida tan olmagani tanqidlarga uchradi. Xurujni sodir etgan shaxs o'z bayonotida AQSh rahbarini "yangilangan oqlar millati va umumiy maqsad ramzi" deb maqtagan. Tramp bu bayonotdan bexabar ekanini aytdi.

Tramp Sharlostvildagi zo'ravonlikda har ikki tomonni ayblab, tanqidlarga uchragan edi. U muhojirlar va ularning davlatlarini haqorat qilganlikda ham ayblanadi. Oq uy ma'muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Mik Malveynining aytishicha, Tramp oq millatchi emas. U Yangi Zelandiyadagi hujumchi bayonotiga ham to'xtaldi.

"Bu insonni Donald Tramp tarafdori deb aytish adolatdan emas. U buzg'unchi va yovuz odam", - deydi Malveyni.

Endi nima bo'ladi? Michiganlik yosh musulmon Husaynga ko'ra, hozir umidsizlikka tushish mavridi emas.

"Intiqom yechim emas. Muhabbat yechim. Yaxshilik, mehribonlik, nafratning aksi bo'lgan hamma narsaga e'tibor qaratishimiz kerak", - deydi u.