AQSh va Xitoy savdo muzokaralarini qayta boshlamoqchi

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Donald Tramp Yaponiyadagi "Katta Yigirmalik" sammiti doirasida Xitoy rahbari Si Zinpin bilan uchrashib, muloqot o'tkazdi. Uchrashuv natijasida tomonlar bir-biriga qo'shimcha savdo tariflarini qo'yishni to'xtatib turishga kelishib oldi.

Osakadagi anjuman nihoyasida jurnalistlar bilan gaplashgan Trampning aytishicha, dastulari AQSh milliy xavfsizligiga tahdid bo'lishi mumkinligi aytilgan "Huawei" kompaniyasi bilan Amerika kompaniyalari ishlashiga ham ruxsat beriladi.

Lekin shu paytgacha Xitoy tovarlariga qo'yilgan amaldagi sanksiyalar hozircha bekor qilinmaydi.

O'z navbatida Xitoy yetakchisi Si Zinpin muloqotning muhimligini ta'kidlab, "Xitoy va AQShning har ikkisi uchun hamkorlik foyda bo'lishini, ziddiyat esa zararligini" aytdi.

"Hamkorlik va muloqot bo'linish va ziddiyatdan yaxshiroq", - dedi u.

AQSh prezidentining aytishicha, tomonlar tarixiy savdo kelshuviga erishishga juda yaqin bo'lgan, lekin nimadir yuz berib, muhokamalarda toyilish kuzatilgan.

AQSh adolatli savdo kelishuviga ochiq va siz ham shunday fikrdasiz, deya qo'shimcha qildi Tramp Xitoyga ishora qilib.

Tramp bu uchrashuvgacha Xitoy mollariga yana 325 milliard dollarlik boj solishi haqida ogohlantirgan edi. Agar amalga oshsa, bu Xitoydan AQShga import qilinuvchi barcha tovarlarni qamrab oladi. Avvalroq 250 milliard dollarlik Xitoy mahsulotlariga 25 foizlik boj solingan edi.

O'z navbatida Xitoy ham qarshi choraga qo'l urib, ko'plab AQSh mollariga, jumladan, dehqonchilik mahsulotlariga tariflar joriy qildi.

Qayta boshlangan muloqotning qanday natija bilan tugashi hozircha ma'lum emas.