Shohimardon, O'zbekistonning olisdagi parchasi, e'tiborga muhtoj

Farg'ona shahridan 50-55 km uzoqlikda joylashgan Shohimardonning umumiy maydoni 90 kv km

Qariyb 10 ming aholiga ega Shohimardon O'zbekistonning uzoqdagi go'zal bir parchasi. So'x eksklavi singari u ham Qirg'iziston bilan o'ralgan, tog'lar bag'ridagi so'lim go'sha.

Umumiy hududi 90 kvadrat kilometrni egallagan Shohimardon Farg'ona viloyatining Farg'ona tumaniga kiradi. Xorijiy davlat ichida bo'lgani bois unga kirib-chiqish qiyin. Shohimardon ham So'x kabi dunyoga yopiq. O'zbekiston yoki Qirg'iziston fuqarosi bo'lsangiz, bora olasiz.

Shohimardon Farg'ona shahrida 50-55 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qirg'iziston chegara postidan o'tish vaqtini hisobga olmaganda, mashinada bir yarim soatda bemalol yetish mumkin.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekiston eksklavlarida: Bugungi Shohimardon

Pomir-Oloy tog'laridagi Shohimardon tabiiy xazina. Turizm bobiga ulkan imkoniyatlarga ega. Biroq “Amerika Ovozi” Shohimardonni aylanib, shunga guvoh bo'ldiki, hudud ko'p jihatdan qarovsiz. O'zbekistonning bu antiqa bo'lagini qiynayotgan muammolar, xususan iqtisodiy masalalar haqida Toshkentda o'tirgan rahbarlar qanchalik biladi?

“Amerika Ovozi” Shohimardonga eksklavga ilk marta borgan xorijiy sayyoh ko'zi bilan qaradi. Manzara bilan tanishdik. Asosiy ziyoratgoh va muzeyda bo'ldik. Ziyoratchilar va shohimardonliklar bilan gaplashdik. Bozor va bog'larni aylandik. Quyida maxsus dasturimizni tomosha qiling.

O'zbekistonning So'x va Shohimardon eksklavlari hamda atrofdagi boshqa go'shalarni aylanib, xulosa shuki, turizm borasida taraqqiyot juda sust.

Bu hududlar siyosiy va iqtisodiy e'tiborga muhtoj. Infrastruktura eskirgan, ayniqsa Shohimardonda. Mahalliy turistlar oqimi oshar ekan, jamoat joylarida xavfsizlik choralari joriy etilmagan. Ichimlik suvi va hojatxonalar ta'minoti chatoq. Ovqatlanish uchun sharoit va boshqa zaruratlar ustida ishlash kerak.

Eng ko'p odam boradigan ziyoratgohlar va bog'larda sharoit nochor. Oddiy axborot beradigan markazlar yoki burchaklar yo'q.

Bu eksklavlar kimga ochiq, kimga yopiqligi haqida ham ma'lumot olish amri mahol.

"Amerika Ovozi" bilan gaplashgan shohimardonliklar hududga sarmoya kelmasligi eng katta muammo deb hisoblaydi. Qirg'iziston orqali qurilish materiallari olib kirish qiyin. Eksklavga kirib-chiqish murakkab ekan, investitsiya qilishni xohlaganlar juda oz. Shohimardonni kichik tadbirkorlar boqmoqda, deydi aholi vakillari. Aholining iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan. Tirikchilik mavsumiy ishlarga bog'liq.

Ijobiy holatlardan biri - Shohimardonga sayohatga borganlar tog'lar ustidagi Qurbon ko'lga, Qirg'iziston hududidagi g'aroyib suv havzasiga ham o'tishi mumkin. Davlatlar sayyohlar uchun imkoniyat yaratgan. O'zbekiston fuqarolari pasporti bilan maxsus post orqali kanat bilan ko'lga chiqib kelishi mumkin. Kishi boshiga 20 ming so'm.

Afsonaviy, tabiat mo'jizasi deya ta'riflanadigan ko'lga sayohatni tomosha qiling.

Your browser doesn’t support HTML5

Qurbon-Ko'l: O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasidagi ajoyibot