Pens Xitoyda ishlayotgan AQSh kompaniyalarini tanqid qildi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens Amerika kompaniyalarini Xitoy bozoridan quruq qolmaslik uchun AQSh qadriyatlarini sotayotganlikda aybladi. U Xitoy Kommunistik partiyasi tazyiqlaridan ko'z yumgani uchun "Nike" va Milliy Basketbol Assotsiatsiyasini (MBA) alohida tilga oldi.

"Nike" dunyoning eng taniqli brendlaridan biri. O'zining fabrikasi yo'q, kiyim va poyafzallarining chorak qismini Xitoyda ishlab chiqaradi. Shu yilning uchinchi choragida kompaniya savdosi yetti foizga o'sdi. Bunda Xitoyning hissasi katta.

"O'tgan 17 yil ichida Xitoy yalpi ichki mahsuloti 9 karra o'sdi. Dunyoda ikkinchi ulkan iqtisodiyotga aylandi. Bu muvaffaqiyatning ko'pi Amerika sarmoyasi bilan bo'ldi", - dedi AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens.

Ammo, deydi Pens, iqtisodiy taraqqiyot Xitoy avtoritar rejimini xususiy mulk, qonun ustuvorligi va savdoning xalqaro qoidalari hurmat qilinadigan erkin va ochiq jamiyatga aylantira olmadi. Unga ko'ra, AQSh kompaniyalari hukumat talablariga bo'ysunmoqda.

"Nike" hukumatga itoat qilib, Xitoydagi do'konlaridan "Xyuston-Rokets" basketbol jamoasiga tegishli tovarlarni olib tashladi. Jamoa "Ozodlik uchun kurash. Gonkong bilan birga bo'l", degan yetti so'zli tvit yozgani uchun Xitoy e'tiroziga sabab bo'ldi", - dedi Pens.

"Twitter"dagi bu gap o'chirilganiga qaramay, Xitoy telekanali AQSh basketbol o'yinlari translyatsiyasini to'xtatib qo'ydi.

"Assotsiatsiyaning Amerikani bemalol tanqid qiladigan ba'zi katta o'yinchilari va egalari Xitoy xalqi ozodligi va huquqlariga kelganda ovozsiz bo'lib qoladi. Xitoy Kommunistik partiyasi yonini olib, so'z erkinligini bo'g'ish orqali Milliy Basketbol assotsiatsiyasi o'zini avtoritar rejimning o'yinchog'idek tutmoqda", - dedi vitse-prezident.

AQSh Prezidenti Donald Tramp ham bir necha sportchini mamlakatga va prezident idorasiga hurmatsizlikda ayblagan edi.