Samolyotda halok bo'lgan ukrainaliklar jasadi Kiyevga keltirildi

  • Amerika Ovozi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy qurbonlar xotirasi uchun gul qo'ymoqda, Kiyev, Ukraina, 2020-yil, 8-yanvar.

Eronda harbiylar xatosi tufayli urib tushirilgan samolyotda halok bo’lgan 11 ukrainalik 19-yanvar kuni Kiyevga olib kelindi.

Prezident Vladimir Zelenskiy va boshqa rasmiylar Ukraina Xalqaro havo yo’llarining to’qqiz xodimi va ikki yo’lovchi jasadlari solingan tobutlarni aeroportda kutib oldi. 8-yanvar kuni yuz bergan fojiada samolyotdagi jami 176 odam halok bo’lgan edi.

Eron generali Qosim Sulaymoniy AQSh droni orqali o’ldirilgach, Tehron Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga raketa yog’dirdi. Shundan bir necha soat o’tib Ukraina yo’lovchi samolyoti Tehron aeroporti yaqinida qulab tushdi.

Rasmiylar dastlab samolyotning raketa bilan urib tushirilganini rad etdi. Dalillar o’rtaga chiqib, xalqaro bosib ortishi natijasida Tehron xatolik tufayli samolyotga raketa otilganini tan oldi.

Bundan g’azablangan minglab eronliklar ko’chalarni to’ldirib, hukumatga qarshi namoyish boshladi. Ular aybdorlar jazolanishini talab qildi.

Halok bo’lganlarning ko’pi eronliklar yoki asli eronlik bo’lgan chet el fuqarolari. Ular Erondagi oila a’zolari bilan ko’rishish uchun kelganlar yoki chet elga o’qish uchun ketayotgan yoshlar bo’lgan.

Fuqarolarini boy bergan Ukraina va yana to’rt davlat rasmiylari Erondan “izchil, mustaqil va shaffof” tekshiruv o’tkazishni talab qilmoqda.

Samolyot qora qutisini xalqaro hamkorlar bilan bo’lishishga rozi bo’lgan Tehron bu ishni paysalga solayotgani aytilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 2020-yil, 20-yanvar