Saylov - 2020: demokratlardan kim nomzod bo'ladi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

2020-yilgi prezidentlik saylovida Demokratlar partiyasidan nomzodlikni qo’lga kiritish uchun kurash qizg’in pallaga kirdi. Dastlabki ikki shtatda o’tgan saralash bosqichidan so’ng poygada vermontlik senator Berni Sanders va Indiana shtati Saut-Bend shahri sobiq meri Pit Butejej yetakchilik qilyapti. Progressiv qarashlari bilan tanilgan tanilgan Sandersga mo’tadil mavqedagi partiyadoshlari raqiblik qilmoqda.

Nyu-Gempshirdagi g’alaba ortidan senator Berni Sandersning shijoati yanada oshdi.

“Bu g’alaba Donald Tramp intihosining boshlanishidir”, - dedi u.

Sandersni Pet Delzel kabi sadoqatli saylovchilar qo’llamoqda.

“Berni Sanders yuragimdan o’rin olgan. Hech kim menga u kabi gapira olmaydi”, - deydi saylovchi.

Nyu-Gempshirda Pit Butejej va senator Eymi Klobushar Sandersdan keyingi o’rinlarni band etdi. Ular mo’tadil qarashdagi saylovchilarga manzur.

“Trampga qarshi tura oladigan, energiyasi bor odamni qidiryapman. Bahsda Eymi Klobushar shunday nomzod ekanini ko’rsatib bera oldi”, - deydi Set Vindov ismli fuqaro.

Kelasi haftalarda progressivlar va mo’tadillar o’rtasida kurash kuchayadi, deydi tahlilchi Juli Peys.

“Klobushar va Butejej siyosiy qarashi markazga yaqin nomzodlar. Nyu-Gempshirda ularning har ikkisi olgan jami ovozlar miqdoriga qaralsa, mo’tadil qarashdagi nomzodga qiziqish yuqori ekani ko’rinadi”, - deydi u.

Nyu-York sobiq meri Maykl Blumberg reytingi ham reklama uchun katta mablag’ sarflashi ortidan ko’tarilib bormoqda. U kelasi oydan partiya saylovlariga qo’shilishi kutilyapti.

“Men Donald Trampni yenga oladigan odamman. Hozir mamlakat uchun eng muhim narsa Oq uyda yashayotgan odamni o’zgartirish”, - dedi Blumberg.

Sanders esa Blumbergning boyligini nishonga olmoqda.

“Biz milliarderlarga va milliarderlar moliyalaydigan nomzodlarga qarshimiz”, - dedi u.

Dastlabki saralashlarda Sanders va Butejejning qo’li baland keldi, ammo kimning yagona nomzodlikni qo’lga kiritishi hali noma’lum.

Jim Kesler hanuz bir qarorga kelmagan saylovchilardan.

“Vaziyat mavhum. Bir necha hafta, kamida super seshanbagacha poyga qizg’in davom etadi”, - deydi u.

Super seshanba deb ataladigan 3-mart kuni 14 shtatda partiya saylovi bo’ladi. Ammo unda ham yaqqol peshqadam aniqlanmasligi mumkin.

“Turli shtatlarda turli nomzodlar yutadigan uzoq muddatli poygaga guvoh bo’lishimiz mumkin. Oxirgi yarim asrda kuzatilmagan vaziyat yuz berishi ehtimoli ham bor. Ya’ni kimni nomzod qilishni delegatlar hal qiladi. Hamma narsa bo’lishi mumkin”, - deydi tadqiqotchi Allan Lixtman.

Hozircha nomzodlar shu oy oxirida bo’ladigan ikki tanlovga diqqat qaratgan: Nevadada bo’ladigan kengash va Janubiy Karolina saylovi. Undan so’ng super seshanbaga tayyorgarlik boshlanadi.