Suriya va Turkiya o'rtasida urush chiqishi ehtimoli oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Suriya Prezidenti Bashar Assad muxolifat qo’lidagi barcha hududlarni ozod qilib, Damashq nazoratiga qaytarishni da’vo qilmoqda. U 17-fevral kuni xalqqa qilgan murojaatida Halab va Idlib viloyatlaridagi yerlar isyonchilardan tortib olinganini e’lon qildi. Suriya armiyasi mintaqada Turkiya kuchlari bilan to’qnashishi ehtimoli oshgan.

Poytaxt Damashq va Halabni bir-biriga bog’lovchi M5 trassasi og’ir janglar ortidan hukumat kuchlari qo’liga o’tdi.

Prezident Bashar Assad g’alaba qozonilganini e’lon qildi.

“Halab g’olib chiqdi, Suriya g’olib chiqdi. Ular yuragimizga o’rnatmoqchi bo’lgan qo’rquv ustidan barchamiz g’alaba qozondik. Miyamizga kiritmoqchi bo’lgan xomxayollari ustidan g’alaba qildik. Ayirmachilik, nafrat, xiyonatni va shu kabi razil sifatlarni ko’tarib yuruvchilarni yengdik”, - dedi Assad o’z murojaatida.

Assadga ko’ra, Idlibda isyonchilarni qo’llayotgan Turkiya kuchlari bilan kurash hali tugagani yo’q. Suriya armiyasi qochoqlar va oddiy aholini ham ayamayapti.

“Urush boshlangandan beri 20 marta qochdik. Bu lagerga ikki yil oldin keldik. U xavfsiz, bombalardan xoli yer bo’lishiga ishongan edik. Kecha bu yerga ham raketalar yog’ilishni boshladi, bir kishi o’ldi, boshqa qurbonlar ham bor. Bugun lager parokanda bo’ldi, qayerga borishni ham bilmaymiz”, - deydi Ali Abu Valid ismli qochoq.

Turkiya allaqachon uch milliondan ortiq suriyalikka boshpana bergan. U ortiq qabul qila olmasligini aytmoqda. Mamlakat diplomatlari 17-fevral kuni Moskvada Suriyadagi vaziyatni yumshatish bo’yicha Rossiya bilan muzokaralarni boshladi.

“Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga Idlibdagi bosqin to’xtashi kerakligini hamda buzilmaydigan, davomiy sulhga hoziroq erishish lozimligini aytdim”, - dedi Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovusho’g’li.

Rossiya havodan, Eron himoyasidagi guruhlar quruqlikdan yordamni davom ettirar ekan, Assad qarshi hujumlarni to’xtatish niyatida emas.

"Shimoldan quruq vahima ovozlari eshitilayotganiga qaramay, Idlib va Halabni ozod etish amaliyoti davom etadi. Butun Suriya tuprog’ini terrorizmdan tozalab, barqarorlikka erishamiz”, - dedi Suriya prezidenti.

Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdog’an agar suriyaliklar chegaradan chekinmasa, harbiy chora ko’rilishi haqida ogohlantirdi.

Rossiya mojaroda Turkiyani Suriya hududiga kirib, 2019-yil Sochida tuzilgan bitim shartlarini buzganlikda ayblamoqda. Anqara esa janglarning qayta boshlanishida Suriyani aybdor deb hisoblaydi.

Idlib isyonchilar nazoratidagi so’nggi eng katta hudud hisoblanadi. Assad uni to’liq hukumat nazoratiga olish ahdida qat’iy.