Oq tanli irqchilar saylovda kimni qo'llab-quvvatlaydi?

  • Amerika Ovozi

Oq tanli irqchilar qurboniga aylangan ayol. 13-avgust, 2017.

Prezident Donald Trampning ashaddiy tarafdorlari bo’lgan oq tanli irqchilar guruhi orasida parokandalik kuzatilmoqda. Mamlakat noyabr oyiga belgilangan prezidentlik saylovlariga hozirlik ko’rar ekan, ekstremist irqchi-millatchi guruhlar qarashlarida mushtaraklik yo’qolgan.

Ayrim guruhlar hanuz Trampga sodiq qolmoqda. Biroq prezidentning immigratsiya siyosatiga doir va’dalarining amaldagi ijrosidan qoniqmayotgan irqchi guruh vakillari o’z fikrini o’zgartirgan. Xususan, Trampning keskin tanqidchisi, sotsial demokrat Berni Sanders nomzodini qo’llab-quvvatlayotganlar ham talaygina.

“Irqchi-millatchi guruhlar Trampni qo’llab-quvvatlash borasida yakdil emas. Ular so’nngi yillardagi siyosatdan norozi”, - deydi ekspert Joshua Byorch.

Xususan, Trampning Meksika bilan chegarada devor qurishga doir va’dasi yakuniga yetmagan. Musulmonlar immigratsiyasiga chek qo’yish bo’yicha tashabbuslari ham amalda sezilarli o’zgarish yasamagan. Noqonuniy muhojirlar va musulmon mamlakatlari vakillarini deportatsiya qilish bo’yicha bergan va’dalari ham puchga chiqqan.

“Oq tanli irqchilar boshqa irq vakillari immigtratsiyasiga taqiq o’rnatilmaganidan norozi”, - deydi Byorch.

To’rt yil avval irqchilar guruhida mustahkam birlik bor edi. Ular Trampning immigratsiya, savdo va siyosiy korrektlik bo’yicha populistik chiqishlaridan ilhomlanib, qudratli kuchga aylangan edi. Bunday holat mamlakatda respublikachilardan millatchi Pet Byukenen prezidentlikka da’vogarlik qilgan 1988-yildan beri kuzatilmagan edi.

Irqchilar guruhi 2016-yil saylovlarida Tramp g’alabasini ko’tarinki ruh bilan kutib oldi. 2017-yilning avgustida Virjiniya shtatida yirik namoyishga chiqdi. Neonatsistlarga qarshi chiqqan xalq ichiga mashina bilan yorib kirildi. Bir ayol halok bo’lgan. O’nlab odam jarohat olgan edi o’shanda.

Biroq so’nggi yillarda irqchilarning Trampga bo’lgan simpatiyasi antipatiyaga aylandi. Ular Trampni Meksika mablag’i bilan janubiy chegarada devor qura olmagani, musulmonlarning mamlakatga kirishiga taqiq joriy qila olmagani, AQSh hududida tug’ilganlik uchun fuqarolik berilishini to’xtata bilmagani uchun ayblamoqda. Prezidentning Isroil manfaatlarini ustun qo’yayotgan tashqi siyosati ham antisemit irqchi guruhlar noroziligiga sabab bo’lgan.