COVID-19: AQShda mahalliy gazetalar nega yopilyapti?

  • Amerika Ovozi

Kanzas shtatida chop etiluvchi "Gardner Nyus" (The Gardner News) mahalliy gazetasi

Koronavirus dunyoda keng quloch yozgan bir paytda ishonchli axborotga talab katta, biroq reklamadan daromad keskin kamaygani bois AQSh bo’ylab mahalliy gazetalar xodimlari sonini qisqartirishga va hatto yopilishga majbur.

Floridadagi “Tampa Bey Tayms” (Tampa Bay Times) gazetasi 11 muxbirni bo’shatib, onlayn rejimga o’tib oldi. Sietlda chop etiluvchi “Streynjer” (The Stranger) nashrida 18 xodim ishidan ayrilgan. “Denver Post” (The Denver Post) va “Boston Herald” gazetalarida ham ahvol shu.

So’nggi bir oyda axborotni onlayn qidirayotganlar ko’payganiga qaramasdan, koronavirus olib kelgan iqtisodiy turg’unlik oxirgi 10 yildan beri inqirozni boshdan kechirayotgan bosma matbuotga yana bir zarba bo’ldi.

Mahalliy gazetalar tiraji kamayib, tahririyatlarida ish soati, xodimlar soni qisqargan, ko’pchiligi hatto umuman faoliyatdan to’xtagan. Pandemiya davrida ko’pgina bizneslar yopiq va reklama bermay qo’ygan. Bu esa aksar mahalliy nashrlarning asosiy daromad manbai edi.

Massachusets shtatining Atlboro shahrida chop etiluvchi “San Kronikl” (The Sun Chronicle) gazetasi muharriri Kreyg Borgesning aytishicha, onlayn tashrif buyuruvchilar soni keskin oshganiga qaramasdan, tahririyat allaqachon xodimlar sonini qisqartirib bo’lgan. Bor xodimlar bilan o’quvchilar talabini qondirishga harakat qilyapmiz, deydi u.

“Tahririyatda 10 tacha xodim qolgan. Umid qilamanki, bir amallab qalovini topamiz”, - deydi muharrir.

AQShda oxirgi 15 yilda 2000 dan ziyod shahar va qishloqlarda gazetalar yopilgan. Muxbirlar soni 2004-yilga nisbatan teng yarmiga kam. O’quvchilar axborotni internetdan olishni afzal ko’rmoqda. Shu sabab, tabiiyki, reklama beruvchilar ham internetga ko’chdi.

“Nyu-York Tayms” (The New York Times), “Vashington Post” (The Washington Post), “Vol Strit Jornal” (The Wall Street Journal) kabi yirik gazetalarning millionlab onlayn obunachilari bor, ammo ko’pgina bosma nashrlarning qozoni asosan reklama hisobiga qaynaydi. Pandemiya tufayli ko’pgina bizneslar faoliyati to’xtashi bilan reklama beruvchilar ham keskin kamaygan.

Xalqaro yangiliklar media assotsiatsiyasining tadqiqotlariga ko’ra, reklama bozori yildan-yilga qisqarib bormoqda. Oxirgi bir necha hafta ichida AQSh gazetalarining reklamadan keluvchi daromadi 20-30 foizga kamaygan.

So’nggi haftalarda ko’pgina nashrlar mablag’ tejash uchun xodimlari maoshini qisqartirish yoki o’z hisobidan ta’tilga chiqarishga majbur bo’lgan. Ba’zi nashrlar faoliyati hatto umuman to’xtadi. Ba’zilari faqat onlayn ko’rinishga o’tdi.

Mahalliy nashrlarga ko’maklashuvchi “GroundTruth Project” nodavlat tashkilotining bildirishicha, ba’zi tahririyatlarda xodimlarning hatto yarim oyligini to’lashga ham qurbi yetmaydi.

Prezident Donald Tramp imzo chekkan 2,2 trillion dollarlik yordam pulidan kichik mahalliy nashrlarga xodimlarini ishdan bo’shatmaslik sharti bilan kredit va grantlar ajratilishi mumkin. Bosma matbuot manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilotlar prezident va Kongressga jo’natgan maktubda matbuot mustaqilligini saqlab qolish uchun davlatdan moliyaviy yordam olish haqida ham gap boradi.

Muhokamadagi takliflardan biri aholiga sog’liqni saqlash bo’yicha maslahat shaklida hukumat tomonidan gazetalarga reklama berish va shu maqsadda federal fond yaratishni o’z ichiga oladi. Obuna uchun soliq imtiyozlari berish ham muhokamada.

Viskonsin shtati Milvoki shahridagi 38 yillik gazeta “Shepard Ekspress” (Shepherd Express) o’tgan hafta chop etilishdan to’xtadi. Gazeta asoschisi, bosh muharrir Luis Fortis gazeta endi faqat internetda faoliyat olib borishini aytadi.

“Bu men uchun juda og’ir, lekin global miqyosda fikrlashimiz zarur”, - deydi Luis Fortis, katta global masalalar turganda gazetaning yopilishi katta muammo emasligiga ishora qilib.