Ijtimoiy tarmoqlarda konspiratsiya nazariyasi kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Tadqiqotga ko’ra, yangiliklarni faqat “Facebook” va “YouTube” kabi ijtimoiy tarmoqlardan oladiganlar orasida fitna nazariyasiga ishonadiganlar ko’proq bo’ladi. Pandemiya davrida bu jamoatchilik uchun yangi xavf-xatarlar paydo qilmoqda.

So’nggi haftalarda Britaniyadagi 5G aloqa operatorlarining bir qator inshootlariga o’t qo’yildi. Politsiyaga ko’ra, hujumni 5G texnologiyasi koronavirus tarqalishiga aloqador deb ishongan shaxslar amalga oshirgan.

Londondagi Qirollik kolleji hamda Ipsos Mori ijtimoiy so’rov kompaniyasi o’tkazgan tadqiqotning aniqlashicha, ijtimoiy tarmoqlarga mukkadan ketish va konspiratsiya nazariyalariga ishonish o’rtasida bog’liqlik bor. Koronavirusning mavjudligiga ishonmaydiganlarning 56 foizi “Facebook”ni yangiliklarning asosiy manbasi sifatida qayd etgan.

“Koronavirus simptomlari borligini bilaturib ko’chaga chiqqanlar yoki ishga borganlar ma’lumotlarni ijtimoiy tarmoqlardan olishini aniqladik”, - deydi Qirollik kolleji tadqiqotchisi Daniel Allington.

Bu esa boshqalar sog’ligini xavf ostiga qo’yadi, deydi britaniyalik qonunchi Damian Kollins. U ijtimoiy tarmoqlarning vaksina dasturiga salbiy ta’siridan xavotirda.

“Vaksina yaratsak, u samarali bo’lishi uchun aholining katta qismi uni qabul qilishga rozi bo’lishi kerak. Odamlarning unga ishonishi muhim. Agar odamlar konspiratsiya nazariyalarini tarqatsa va boshqalarni vaksina olmaslikka undasa, jamoatchilik sog’ligi uchun jiddiy tahdid paydo bo’ladi”, - deydi u.

“Facebook”, “YouTube” va “Twitter” o’z platformalarida “Covid-19”ga oid yuz minglab yanglish video va maqolalarni o’chirganini aytadi. Ammo ularga nisbatan e’tirozlar kamaygani yo’q.

150 dan ortiq kompaniya, xususan, “Starbucks” va “Coca-Cola” soxta xabarlar va nafratga asoslangan materiallar ko’paygani bois “Facebook”da reklama bermaslik kampaniyasiga qo’shildi.

Ayni paytda AQSh Prezidenti Donald Tramp foydalanuvchilar chop etgan ma’lumotlar uchun ijtimoy tarmoqlarni javobgarlikdan ozod qiluvchi qonunni bekor qilish niyatida. “Twitter” ba’zi postlari uchun prezidentni ogohlantirgach, Tramp shunday qarorga kelgan.

“Agar “Twitter” o’z ishini bajara olmasa, qaysidir odam sizning ustingizdan hakamlik qilsa, bunday kompaniyani yopib tashlash kerak. Lekin men buni huquqiy yo’l bilan qilmoqchiman”, - dedi Tramp.

Ijtimoiy tarmoqlar soxta xabarlarni aniqlovchi mukammal tizimlarni ishga tushirganini aytadi, ammo mutaxassislarda hanuz shubha yuqori.

“Bu tizimlar demokratik jihatdan hisobdor idoralar tomonidan tekshirilishi kerak”, - deydi Qirollik kolleji eksperti Daniel Allington.

Koronavirusga oid soxta xabarlarning urchishi ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan bosim yanada ko’payishiga sabab bo’lmoqda.