BMT: COVID-19 dunyo bo'ylab ocharchilikni avj oldirmoqda

  • Amerika Ovozi

Janubiy Sudan ayollari

O'tgan yili dunyo bo'ylab 690 million odam ocharchilik bilan yuzlashgan bo'lsa, bu yil ularning soni 83-132 millionga ko'payadi. Sabab - koronavirus pandemiyasi.

“Jahonda ocharchilik ko'lami yiliga o'rtacha 10 millionga ko'payib kelayotgan edi", - deydi Maksimo Torero Kullen, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti bosh iqtisodchi olimi.

“2 milliard odam yegulik topishdan qiynalib yashaydi, ya'ni yetarlicha manbaga ega emas".

Ulardan 746 millioni kuchli taqchilikda kun ko'rsa, 1,25 milliardi vaqt-vaqti bilan shunday holatda.

Hozirgacha 13 millionga yaqin odam koronavirusga chalingan. Karantin va cheklovlar sabab tirikchilik orqaga ketgan, buning ustiga ishsizlik kengayib, bizneslarning susaygani daromadga ulkan zarar keltirgan. Ko'plab davlatlarda oziq-ovqat ta'minoti sustlashgan.

Afg'onistonda aholiga un tarqatilmoqda

“Og'ir damlar. Davlatlar chora ko'rmasa, ocharchilik girdobi kengayaveradi”, - deydi Deyvid Bizli, BMT Oziq-ovqat dasturi rahbari.

Afrikada vaziyat murakkab: 250 millionga yaqin odam to'yib ovqatlanmaydi.

Osiyo bo'ylab 381 million odam shu ahvolda. 2015-yildan beri och-nahor qatlam kontinentda 8 foizga kamaygan.

Lotin Amerikasida ocharchilik tahdid ostida yashaydiganlar 48 million.

BMTga ko'ra, dunyo aholisining 3 milliardi sog'lom ovqatlanmaydi, chunki bunday yegulik oddiy ovqatdan besh marotaba qimmatroq.

Kelasi yil BMT bu borada simpozium rejalagan.