Nyu-Yorkning mashhur muzeylari faoliyati tiklanmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Olti oylik tanaffus ortidan Nyu-York shahar muzeylari yana eshiklarini ochmoqda. Metropoliten san’at muzeyi, Uitni muzeyi shular jumlasidan. Ko’rgazmalar ochilgani bilan “Covid-19” bilan bog’liq cheklovlar amalda.

Olti oylik tanaffusdan so’ng Metropoliten san’at muzeyi yana o’z faoliyatini tikladi. Eshiklar ochilishiga ikki soat bor, ammo rassom Stefan Galitsinskiy allaqachon shu yerda. U muzeyga birinchi bo’lib kirish orzusida.

“Avvalo, Janna d’Ark tasvirini ko’raman. U mening eng sevimli asarim. Borib, atroflarini tomosha qilaman. Qo’limda rasm daftarim ham bor”, - deydi u.

Har yili muzeyga olti million odam kiradi.

Pandemiyadan oldin tashrif buyuruvchilarning 40 foizini sayyohlar tashkil qilgan. Bugun kelayotganlarning aksariyati nyu-yorkliklar.

“Pandemiya paytida binoning narigi tomoniga o’tib, ichkaridagi haykallar zaliga nazar tashlardim. Chunki muzeyni juda sog’indim. Ochilganidan rosa xursandman”, - deydi nyu-yorklik ayol.

“Hamma narsani uyda qildik, kinolar ko’rdik, madaniy tadbirlar bo’lmadi. Tashqariga chiqqanimdan, nimadir farqli narsa qila olganimdan xursandman”, - deydi yana bir tashrif buyuruvchi.

Muzeyning pandemiyadan keyingi ilk mehmonlarini muzey direktori Maks Xollayn kutib oldi va ular bilan birga suratga tushdi.

Muzey 2020-yil 150 yilligini nishonlashni rejalagan edi, ammo endi maqsadlar o’zgardi.

“Hozir nishonlamoqchi emasmiz. O’z hayotini qayta izga tushirayotgan Nyu-Yorkning bir qismi sifatida xizmatlarimizni taqdim etishni xohlaymiz”, - deydi muzey direktori.

Muzey mart o’rtalaridan beri 150 million dollar boy berdi, xodimlarining 20 foizini ishdan bo’shatdi. Rasmiylar tushum ortishi bilan odatdagi ish tartibiga qaytishlarini aytmoqda.

Hozircha tashriflar oldindan rejalanishi, muzeyda yuzga niqob taqilishi va tana harorati o’lchanishi kerak.

Muzeydan “Metopolitenning yaratilishi” nomli yangi ko’rgazma o’rin olgan. Unda bu dargohning 150 yillik tarixi 250 eksponatda o’z aksini topgan.

Ko’plab nyu-yorkliklar uchun muzeyning ochilishi normal hayot boshlanayotganidan darak.

“Qoidalarga rioya qildim, ko’chaga chiqmasdan uyda o’tirdim. Uyimni tozaladim, biznesimga qaradim. Shu paytgacha men bilgan hayot yana qayta izga tushmoqda”, - deydi Sintia King ismli nyu-yorklik.

Oziq-ovqat bizneslari ham faoliyatini tiklamoqda. Muzey ular uchun daromad manbai.

“Hamma narsa shunchalik to’xtab qolishini kutmagan edik. 1-2 marta ish boshlashga harakat qildik, lekin mijoz yo’q edi. Bu kabi joylar yopiq bo’lsa, odam ham kelmaydi. Besh oy ishsiz yurdik”, - deydi ko’chma do’kon egasi Den Rossi.

Bino oldidagi ulkan oq bannerlar yaponiyalik Yoko Ono tomonidan tayyorlangan. Ularda “Birgalikda orzu qil” yozuvlari aks etgan. Bu san’at qudratining ifodasi, deydi kuzatuvchilar.