Saylov -2020: Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qanchalik muhim?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda saylov oldidan o’tkazilgan so’nggi prezidentlik bahsida milliy xavfsizlik masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Shimoliy Koreyaning yadro qurollari solayotgan tahdid haqida so’ralganda, Prezident Donald Tramp diplomatik yo’l bilan erishgan muvaffaqiyatlarini tilga oldi.

“Shimoliy Koreya bilan urush yuz bermadi. Yaxshi aloqaga egamiz. Odamlar buni tushunmaydi. Boshqa mamlakat yetakchilari bilan yaxshi aloqaga ega bo’lish yaxshi narsa”, - dedi u.

Demokratik partiya nomzodi Jo Bayden fikriga ko’ra esa, Trampning tashqi siyosati Amerika raqiblarini jilovlashda samara bermadi.

“U Shimoliy Koreyaning qilayotgan ishlarini qonuniylashtirib berdi. Tramp bu mamlakat yetakchisini yaxshi dos’t deb atadi, aslida esa u bandit. Qanaqasiga hozir yaxshi bo’lsin? Shimoliy Koreyaning AQSh hududigacha yetib keladigan raketalari bor”, - dedi Bayden.

Tramp ma’muriyati Shimoliy Koreya bilan yadro dasturi bo’yicha muzokaralar boshlanganini tashqi siyosatda erishilgan yutuqlar qatorida sanaydi. Isroil va ba’zi arab davlatlari o’rtasida erishilgan hamkorlik bitimlari, Tolibon bilan erishilgan tinchlik kelishuvi, Suriyada IShIDning yo’q qilingani hamda AQSh kuchlarining mojaro zonalaridan olib chiqilayotgani ham shular jumlasidan.

Bayden esa AQShning dunyodagi yetakchiligi susayib, Eron, Rossiya va Xitoy ta’sirining kuchayishida Tramp ma’muriyatini ayblaydi.

Rossiya o’ldirilgan AQSh askarlari uchun toliblarga mukofot puli bergani haqidagi ma’lumotlar bo’yicha nega Tramp Putinni so’roqqa tutmadi, deya so’raydi Bayden.

Odatda, tashqi siyosat AQShdagi saylovlar taqdirini hal qiladigan darajada muhim masala emas.

Trampning kommunist Kubaga yangi savdo cheklovlarini joriy qilgani, Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni hokimiyatdan ag’darishga urinishi Floridadagi asli kubalik saylovchilar ovozini olishda qo’l kelishi mumkin.

“Trampning Kastroga qarshi pozitsiyasi, Venesuelada demokratiyani yoqlashi saylovchilarning bir guruhini Trampga moyil qiladi”, - deydi Rays universiteti professori Mark Jouns.

Trampning Isroilga ko’rstayotgan kuchli qo’llab-quvvatlovi Bayden tarafdori bo’lgan yahudiy saylovchilar sonini qanchalik kamaytirishi ehtimoli noma’lum. Ularning aksariyati 2016-yil Hillari Klintonga ovoz bergan edi.

Trampning Xitoy mahsulotlariga qo’ygan savdo tariflari ham Michigan va Pensilvaniya kabi sanoatlashgan shtatlarda oddiy ishchilarga ma’qul kelishi mumkin.

2016-yilgi saylovda Tramp bu muhim shtatlarda g’alaba qozongan edi. Bu yilgi saylov taqdirini ham shunday shtatlar hal qilishi mumkin.