Bayden: Pandemiya kelasi oylarda susaymaydi

  • Amerika Ovozi

Amerikaning bo'lajak rahbari Jo Bayden deydiki, kelasi ikki oy Amerika uchun yanayam og'ir davr bo'ladi. Chorak millionga yaqin kishi koronavirus sabab nobud bo'lishi mumkin. Hozirgi vaziyatga qarab qilingan ilmiy tahlil shunday, deydi Bayden.

Amerika hukumati, tibbiy tadqiqot markazlari va mutaxassislar ham bu qish hamma uchun qiyin kechadi deya ogohlantirib kelmoqda. Biroq Baydenning bugungi bayonoti xavotirni yanada kuchaytirmoqda.

O'z ma'muriyatini shakllantirish bilan band demokrat koronavirusga qarshi kurashuvchi komissiyasini tuzgan. Uning a'zolari Amerikaning yetakchi tibbiyotchilari va yuqumli kasalliklarga nisbatan choralar ko'rib tajriba orttirgan arboblardir.

"Pandemiyadan chiqish - Amerika oldidagi birlamchi masala", - deydi Bayden. "Lekin undan tezlikda chiqilmaydi".

Buni ham ko'ring Bayden har bir amerikalikka iqtisodiy ravnaq va'da qilmoqda

Bayden fikricha, AQSh virusdan eng ko'p aziyat chekkan jamiyat bo'lishiga qaramay millionlab odamlar hamon bu kasallikka jiddiy qaramayapti. Yuqtirish hollari kengligi buning yaqqol isboti, deydi u.

Bugungacha 272 mingdan ochiq amerikalik koronavirusdan vafot etgan. Kasallanganlar soni 14 milliondan ziyoq. Aksariyati tuzalgan.