Turkiyada Xitoy bilan ekstraditsiyaga oid bitim kuchga kirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Turkiyada Xitoyga qarshi namoyish, Istanbul, 2020-yil, 1-oktabr

Turkiya uzoq yillardan beri Xitoydan qochgan uyg’urlarga boshpana berib kelgan. Mamlakat parlamenti Xitoy bilan ekstraditsiyaga oid kelishuvni ma’qullashi kutilar ekan, faollar uyg’ur qochoqlari taqdiridan xavotirda.

Madina Nozimiy har kuni uyg’ur millatdoshlari bilan Xitoy konsulligi oldida ozchilik musulmonlarning haq-huquqlari Xitoyda toptalayotganiga qarshi norozilik namoyishi o’tkazadi.

“To’rt yildan beri singlim haqida hech qanday xabar yo’q. Xitoy hukumati uni mahbuslar lageriga olib ketgani va ikki yildan so’ng qo’yib yuborishgani haqida eshitgan edim. Lekin Turkiyada o’qigani uchun 2019-yilda uni ayirmachilikda aylab yana hibsga olishibdi”, - deydi Madina.

Turkiyada yashaydigan uyg’urlar orasida Xitoy tomonidan terrorizmda ayblanib qidiruvga berilganlar ham bor.

“Agar parlament kelishuvni ma’qullasa, biz odamlarni jinoyat qilgan yoki qilmaganini tasdiqlamasdan turib Xitoyga ekstraditsiya qilish majburiyati ostida qolamiz”, - deydi Xalqaro qochoqlar huquqlari assotsiatsiyasi huquqshunosi Ibrohim Ergin.

Yangi kelishuv ortida Turkiya-Xitoy o’rtasida kuchayib borayotgan iqtisodiy va moliyaviy aloqalar turgani aytiladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 13-yanvar, 2021-yil

Xitoy Turkiyaga koronavirusga qarshi katta miqdorda vaksina ham yetkazib bermoqda.

Ba’zilarga ko’ra, vaksinaning kechikishi Pekin tomonidan yangi kelishuvni tezroq qabul qilish uchun o’tkazilgan bosim bo’lishi mumkin.

Uyg’ur faollari yordam so’rab turk jamoatchiligiga yuzlanmoqda.

“Iltijolarimizga ijobiy javoblar bo’lyapti. Turk birodarlarimiz uyg’urlarning uyiga kelib, biz siz bilanmiz, Turkiyada bunday qonun qabul qilinmaydi, demoqda. Agar qabul qilinsa, bizni ham sizga qo’shib Xitoyga jo’natadi, deyishdi. Bundan yaxshisi bo’lishi mumkinmi?” - deydi uyg’ur faoli Seyit Tumturk.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlut Chovushog’li aholini tinchlantirib, uyg’urlar Xitoyga ekstraditsiya qilinmasligini aytdi.

Ammo bu gaplar uyg’urlar qo’rquvini aritishga ojizlik qilmoqda.

“Xitoy bilan iqtisodiy va texnologiyaga oid aloqalar o’sib borayotgani bois Turkiya uyg’urlarga ortiq e’tibor qaratmayapti”, - deydi uyg’ur qochqini Azimet Muhammad.

Yaqingacha Turkiya uyg’ur mazlumlarining eng kuchli himoyachisi sifatida tanilgan edi. Ammo vaziyat endi o’zgarayotgan bo’lishi mumkin.