Rossiya muxolifati o'z maqsadiga erisha oladimi?

  • Amerika Ovozi

Prezident Vladimir Putinga qarshi namoyishlar, Qozon, Rossiya, 2021-yil, 14-fevral

Rossiyada Aleksey Navalniy uch yilga yaqin muddatga qamalgandan beri mamlakat muxolifatining keyingi taqdiri nima bo’lishi haqida savollar o’rtaga chiqmoqda.

Shu oy boshida e’lon qilingan jazo yetmagandek, Rossiya hukumati muxolifat vakiliga nisbatan yangi ayblovlar e’lon qildi. O’tgan hafta Navalniy yana sud zaliga olib kelindi.

Bu orada Navalniyni himoya qilib namoyishga chiqqan yana minglab fuqarolar turli huquqiy muammolar bilan yuzlashmoqda.

Moskva tashqarisidagi qamoqxonada mahbuslar uchun sharoitlar juda abgor ekani aytiladi.

“Hech qanday ma’lumot yo’q. Qo’ng’iroq qilasiz, lekin hech narsa aytishmaydi. Faqat shu kechasi u o’sha qamoqxonada ekanini bildim”, - deydi hibsga olingan yaqinini izlab yurgan Anastasiya ismli ayol.

Qo’rqitish hukumat qo’llayotgan asosiy taktikaga aylangan. Sovet davri zug’umini eslatadigan usullar bilan politsiya ko’chalarni namoyishchilardan tozalashga urinmoqda.

“Sudimiz bo’lishini kutib turgan edik. Sud binosi yonida, mashina ichida edik. O’sha yerda bildimki, ish joyimidan meni haydashibdi”, - deydi Artyom Nazarov ismli fuqaro.

Navalniyning korrupsiyaga qarshi olib borayotgan keskin kurashi Kreml diqqatini tortgani aniq.

Ammo tahlilchilar fikricha, Navalniyning zaharlanishi va u Rossiyaga qaytgandan so’ng boshlangan namoyishlar Putinning 20 yillik hokimiyatiga jiddiy tahdid solgani yo’q.

“Favqulodda bu voqealar favqulodda namoyishlar to’lqiniga turtki berishi kerak edi. Lekin unday bo’lmadi”, - deydi ekspert Aleksandr Baunov.

Shunga qaramay, minglab odamlar ko’chaga chiqdi. Qarshilik harakati kuchaymoqda, deydi faollar.

“Ko’chaga faqat ba’zilar chiqa olyapti, chunki qo’rquv kuchli. Lekin o’n millionlab odam ular bilan hamfikr va qo’llab-quvvatlayapti. Bu biz hozir yashayotgan yangi siyosiy voqelik”, - deydi Navalniyning hamkori Leonid Volkov.

Markaziy shaharlarda ziddiyat yuqori ekani aytiladi. Putinning mamlakatda iqtisodiy barqarorlik o’rnatish orqali aholini rozi qilish siyosati ish bermayapti, deydi kuzatuvchilar.

“Avlodlar o’rtasida qarashlar o’zgaryapti. Rossiya yoshlari uchun bugun 90-yillar Napoleon davridek tuyuladi. Ularga farqi yo’q, u o’tmish”, - deydi Moskva Davlat universiteti tadqiqotchisi Natalya Zubarevich.

Ba’zilar uchun Navalniy kelajak siyosatchisi. Ammo so’rovlarga ko’ra, keksa avlod orasida hanuz Putin tarafdorlari ko’p va ular o’zgarishlarga moyil emas.

Hozircha Navalniy jamoasi namoyishlarga tanaffus e’lon qildi. Ular bahorda yana aksiyalar boshlashni rejalamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 16-fevral, 2021-yil