Pekin: “Shinjon – mo’jizaviy zamin”

  • Amerika Ovozi

Namoyishga chiqqan uyg'ur ayoli. Istanbul, Turkiya, 25-mart, 2021.

Xitoyning poytaxt Kanberradagi elchixonasi Avstraliya jurnalistlarini o’z “haqiqatiga” ishontirishga urindi. Muxbirlarni to’plab Shinjonda uyg’urlar va boshqa musulmonlarga qarshi zulm qo’llanilmayotganini “isbotlaydigan” taqdimotni namoyish etdi. Jurnalistlarni Xitoy siyosatini “noto’g’ri” talqin qilmaslikka chaqirdi.

Avstraliya siyosatchilari nazdida esa, Xitoy Shinjonda qo’llayotgan repressiya natsistlar Germaniyasi Xolokost davrida yahudiylarga qarshi qo’llagan genotsiddan aslo farq qilmaydi.

Xususan, Avstraliya qonunchilaridan birining ta’kidlashicha, yuz minglab uyg’urlar majburiy mehnatga tortilgan. Shinjon bo’ylab yuz minglab uyg’ur va boshqa musulmonlar panjara ortida. 1 milliondan ziyod musulmonlar og’ir qiynoqlar qo’llanilayotgan “qayta tarbiyalash lagerlari”da saqlanmoqda.

Xitoy xalqaro hamjamiyat ayblovlarini keskin rad etib keladi.

Kanberra shahrida Xitoy elchixonasi “soxta xabarlarga chek qo’yish” va “dezinformatsiya”ni tugatish maqsadida maxsus taqdimot marosimini tashkil qildi.

Tadbirda “Shinjon – mo’jizaviy zamin” deb nomlangan taqdimot namoyish etildi. Diplomatlar Shinjondagi genotsid, majburiy mehnat va musulmonlar madaniyatini toptashga doir xabarlar “uydirma” ekanini ta’kidladi.

Xitoy rasmiylarining ta’kidlashicha, matbuot anjumani Avstraliya jurnalistlarining “Shinjondagi real vaziyatni anglashi” uchun asos bo’ladi.

Diplomatlarning iddaosiga ko’ra, Shunjonda etnik hamohanglik hukmron. Terrorizmga qarshi kurash kampaniyasi mahalliy aholi bilan o’zaro kelishuv asosida amalga oshirilmoqda.

Biroq huquq faollarining aytishicha, taqdimot navbatdagi yolg’on propagandadan o’zga narsa emas.

Xitoy uzoq yillardan buyon Avstraliyaning savdo yo’nalishidagi yirik hamkorlaridan biri bo’lgan. Biroq so’nggi o’n yillikda tomonlar o’rtasiga qator nizolar oralagan. Tanglik kuchaygan. Kanberra o’tgan yili koronavirus tarqalgan hududda xalqaro tergov o’tkazish talabi bilan chiqqan. Pekinni Avstraliya siyosatiga aralashganlikda ayblagan.

Natijada, Pekin Avstraliyadan Xitoyga eksport qilinadigan ko’mir, vino va boshoqli ekin mahsulotlariga cheklovlar joriy qilib, tariflarni oshirgan edi.