Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni keskin oshmoqda

  • Amerika Ovozi

Koronavirusga chalingan bemor kasalxonaga olib kelinmoqda, Moskva, Rossiya, 2021-yil, 26-iyun.

Rossiyada koronavirus bilan xastalanganlar soni oshib bormoqda. Bunga virusning “Delta” turi ko’paygani hamda fuqarolarning vaksina olishdan bosh tortayotgani sabab bo’lmoqda.

Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi dunyoda birinchilardan bo’lib e’lon qilinganiga qaramay, shu paytgacha mamlakat aholisining bor-yo’g’i 12 foizi vaksina olgan.

“Bizda yaroqli vaksina bor. Odamlar uni keng miqyosda olmayotgani qandaydir tushunmovchilik oqibati va bu o’zgaradi, degan umiddaman”, - deydi biolog Georgiy Bazikin.

Oxirgi haftalarda kasallar soni uch barobar oshgan. Moskva eng ko’p aziyat chekayotgan shaharlardan.

Moskva meri Sergey Sobyaninning aytishicha, “Delta” hozir barcha kasalliklarning 90 foizini tashkil etmoqda. O’limlar soni rekord darajaga yetishi mumkin.

“Kasallikni yengishdan oldin vaksina olmasak, ko’proq odam o’lishi aniq”, - deydi Bazikin.

Vaziyat og’irlashayotgani bois rasmiylar yana cheklovlarni qayta tiklamoqda.

Kafe va restoranlar faqat vaksina olganlarga yoki hukumat bergan sertifikat orqali sog’lom ekanini isbotlagan odamlargagina xizmat ko’rsatmoqda.

Davlat idoralari va xizmat ko’rsatuvchi bizneslar bir oy ichida xodimlarining kamida 60 foizini emlash majburiyatini olgan. Bunga rozi bo’lmaganlar ishdan bo’shatiladi.

“Ko’pchilik qatori ish beruvchim majburlagani uchun vaksina olyapman”, - deydi Masha ismli moskvalik.

Ekspertlarning aytishicha, “Sputnik V” vaksinasi chiqqanidan yarim yil o’tibgina unga talab oshgani sezilmoqda.

“19-yanvardan beri ishlayapmiz. O’tgan bir hafta ichida vaksina olishni xohlaganlar soni uch baravar oshdi”, - deydi shifokor Natalya Kuzenkova.

Prezident Vladimir Putin vaksina targ’ibotiga qo’shilib, o’zi ham Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasi bilan emlanganini aytdi.

Ammo so’rovlarga ko’ra, vaksinaga qarshilik hanuz yuqori.

Kreml kuzgacha aholining 60 foizini emlashni mo’ljallagan. Ammo buning iloji yo’qligi tan olinmoqda.

Bu orada ba’zi yirik tadbirlarning o’tkazilishiga ruxsat berilayotgani jamoatchilik orasida hukumat maqsadlarining qanchalik jiddiyligi haqida turli shubhalarni uyg’otmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 7-iyul, 2021-yil