Xitoy va Pokiston terror tahdididan xavotirda

  • Amerika Ovozi

Tolibon vakili. Hirot, 19-sentabr, 2021.

Tolibonning Afg’onistonda hokimiyat o’rnatganini qulay fursat sifatida qabul qilayotgan mintaqaviy ekstremistik guruhlarning kuchayishi Pokiston va Xitoy manfaatlariga zarba bo’lishi mumkin.

Ekspertlarga ko’ra, Pekin ham, Islomobod ham Tolibonning chet ellardan kelib Afg’onistonda qo’nim topgan terrorchi guruhlarni yo’q qilishga doir va’dasi to’liq bajarilishidan umidvor. Biroq ekstremistik guruhlar allaqachon Pokiston va Xitoyga tahdid uyg’otishga ulgurgan.

O’tgan hafta tashkil etilgan Shanxay Hamkorlik tashkilotining 20-sammitida nutq so’zlar ekan, Xitoy rahbari Si Zinpin ham, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon ham xalqaro hamjamiyatni Tolibon bilan muloqot qilishga, harakatni terrorchi kuchlar faoliyatini to’xtatishga doir va’dasini bajarishga chaqirdi.

Tolibon shu kungacha Afg’oniston hududidan hech bir davlatga hujum qilinmasligi to’g’risida bayonot bilan chiqqan. Biroq batafsil biror ma’lumot bermagan.

Ekspertlar mintaqa mamlakatlari uchun terror tahdidi ortib borayotganidan ogohlantirmoqda.

“Tolibonning bu terrorchi guruhlarni yanchib tashlashi masalasida biror kafolat yo’q. Tolibonga xos muammo shundaki, uning so’zi boshqa, amali boshqa”, - deydi Oklaxoma universiteti professori Oqil Shoh.

Ma’lumotlarga ko’ra, ayni damda Afg’onistonda taxminan 8 mingdan 10 minggacha xorijlik terrorchi jangarilar bor. Ularning aksariyati mamlakatga Markaziy Osiyo, Shimoliy Kavkaz, Pokiston va Shinjon avtonom hududidan kirgan.

Afg’oniston hududida kuch to’playotgan “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) terrorchi guruhi so’nggi haftalarda qo’shni mamlakatga hujumlarni kuchaytirgan.

Ushbu guruh 15-sentabr kuni Pokistonning Afg’oniston chegarasiga yaqin joylashgan Janubiy Vaziriston hududida yuz bergan otishmada yetti nafar askarni o’ldirgan. 5-sentabr kuni Pokistonning Balujiston viloyati markazida yuz bergan terakt uchun mas’uliyatni o’z bo’yniga olgan.

BMTning 2020-yil hisobotiga ko’ra, Afg’onistonda 6-6,5 ming pokistonlik jangarilar bor.

“TTP AQShni mag’lub etish mumkin bo’lgan bo’lsa, Pokiston armiyasini ham yengish mumkin deb o’ylaydi”, - deydi ekspert Abdul Bosit.

Uning ta’kidlashicha, AQSh kuchlarining Afg’onistonni tark etishi ortidan Xitoyga ham tahdidlar ortgan.

“AQSh Afg’onistonda jihodchilarga qarshi kurashdi. Xitoy uchun tahdid ikki karra oshgan. Chunki unga nafaqat jihodchilar, balki etnik millatchilar ham qarshi. Bu guruhlar uchun AQSh yirik dushman bo’lib kelgan bo’lsa, endilikda Xitoy shunday dushman”, - deydi Bosit.

Ma’lumotlarga ko’ra, Xitoy ekspansiyasi va mahalliy resurslarga egalik uchun kurashiga qarshi birlashgan bir necha terrorchi guruhlar Afg’oniston va Pokiston hududida joylashgan.

Pekin Tolibon Sharqiy Turkiston islomiy harakatini yo’q qilishidan, shu tariqa, Shinjon avtonom hududida nazoratni yanada kuchaytirishga erishishdan umidvor.

Xitoy-Afg’oniston chegarasi bor-yo’g’i 75 kilometrni tashkil etadi. Asosan, o’zlashtirilmagan kengliklardan iborat bu hududdan qish mavsumida o’tishning aslo imkoni yo’q. Shunday bo’lsa-da, Pekin chegaraga qo’shin yo’llagani haqida xabarlar bor.

Tolibon Afg’oniston hududidagi 1 trilliondan 3 trillion dollargacha baholangan minerallarni o’zlashtirish uchun Xitoy investitsiyasiga umid bog’lagan. Sobiq hukumat hisoblari muzlatilgan, donorlar yordami to’xtatilgan qiyin iqtisodiy sharoitda Pekin najotkor sifatida namoyon bo’lmoqda.