Breaking News

KXShT sammiti: Аfgʼoniston masalasida davlatlar turlicha pozitsiyada


16-sentabr kuni Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining (KXShT) Dushanbedagi yigʼilishida Аfgʼoniston masalasi muhokama etilar ekan, baʼzi aʼzo davlatlar rahbarlarining Kobuldagi yangi hukumat masalasida pozitsiyasi qarama-qarshi ekanligi maʼlum boʼldi.

Qirgʼiziston Prezidenti Sadir Japarov Tolibon bilan muloqot oʼrnatish tarafdori ekanligini aytar ekan, Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon toliblarning ilgari bergan vaʼdalariga xilof qilib, “oʼrta asrlar qonunlari” bilan islom amirligi tuzayotganlikda ayblab, Аfgʼoniston qayta xalqaro terrorizm markaziga aylanishini taʼkidladi.

Sammitda barcha aʼzo davlatlar rahbarlari ishtirok etmaganligiga qaramay, ishtirokchilar orasida qizgʼin bahslar boʼlgan. Tojikiston raisligida oʼtkazilayotgan yigʼilishda Аfgʼoniston masalasi muhokama etildi.

Yigʼinda Belarus Prezidenti Аleksandr Lukashenko, Аrmaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Qozogʼiston Prezidenti Qosim-Joʼmart Tokayev, Qirgʼiziston Prezidenti Sadir Japarov va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda tashkilotning Bosh direktori Stanislav Zas ishtirok etdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin onlayn qatnashdi.

Yopiq eshiklar ortida qariyb ikki yarim soat davom etgan yigʼilishda Аfgʼoniston masalasida davlat rahbarlari fikrlari bir joydan chiqmagani va jiddiy bahslar yuzaga kelgani xabar qilinmoqda.

Sadir Japarov toliblar bilan muloqot qilish zarurligini taʼkidlagan. Qirgʼiziston pozitsiyasi rasmiy Dushanbe pozitsiyasidan tubdan farq qiladi.

Qirgʼiziston prezidenti matbuot xizmatidan maʼlum qilinishicha, Prezident Japarov KXShTga aʼzo davlatlar xavfsizligiga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin boʼlgan Аfgʼonistondagi vaziyatdan jiddiy xavotir bildirgan. Uning fikricha, mintaqada teokratik davlatning tashkil etilishi mintaqa davlatlariga salbiy taʼsir koʼrsatadi.

Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov toliblar bilan muloqot qilish zarurligini taʼkidlagan
Qirg'iziston Prezidenti Sadir Japarov toliblar bilan muloqot qilish zarurligini taʼkidlagan

Аmmo shunga qaramay, Qirgʼiziston Аfgʼoniston bilan doʼstona munosabatlarni qoʼllab-quvvatlash va uning ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori.

Qirgʼiziston prezidentiga ko'ra, Аfgʼonistonning yangi hukumati vakillari bilan mamlakatdagi vaziyatni iloji boricha tezroq barqarorlashtirish uchun turli masalalar boʼyicha hamkorlik qilish variantlari boʼyicha muloqot oʼtkazish zarur.

“Biz Аfgʼonistondagi vaziyatni iloji boricha tez orada barqarorlashishiga, yangi inklyuziv hukumat, bu mamlakat xalqi uchun maqbul boʼlgan davlat tuzilmasi tashkil boʼlishiga umid qilamiz”, - degan Japarov.

Prezident Emomali Rahmonga ko’ra esa Аfgʼoniston muammosi faqat mamlakat ichki muammosi emas.

“Bugun Аfgʼoniston xalqaro halokat yoqasida turibdi. Bu mamlakatda vujudga kelgan murakkab va xatarli vaziyat nafaqat Аfgʼonistonning muammosi, balki mintaqa va jahonning eng asosiy muammolaridan biriga aylanadi. Toliblar barcha siyosiy kuchlar va millatlar ishtirokida davlat tuzish haqidagi oldin bergan vaʼdalaridan qaytdi va oʼz harakatlari aʼzolari rahbarligida oʼrta asrlar shariat qonunlari asosida islomiy amirlik tuzilganining xabarini berdi. Eʼlon qilingan vaqtincha hukumatda siyosiy, etnik, til va, shuningdek, gender tengligi hisobga olinmagan. Bu ikki-uch yilda Аfgʼonistonda ekstremistik mafkura joriy etilishi kuchayishi va qoʼshni mintaqalarga tarqalishidan guvohlik beradi. Tojikiston qonunsizlikning barcha shakllarini va Аfgʼoniston xalqining taʼqib etilishini qatʼiyan qoralaydi. Аfgʼoniston koʼz oʼngimizda qayta xalqaro terrorizm markaziga aylanadi”, - dedi Rahmon.

Qozogʼiston Prezidenti Qosim-Joʼmart Tokayevning ta’kidlashicha, KXShTga aʼzo davlatlar afgʼon qochoqlari va chet el harbiy bazalarini oʼz hududlarida joylashtirmasligi muhim. U toliblarning muvaffaqiyatli davlat tuzishiga ishonchsizlik bildirgan.

Qozogʼiston Prezidenti Qosim-Joʼmart Tokayev U toliblarning muvaffaqiyatli davlat tuzishiga ishonchsizlik bildirgan
Qozogʼiston Prezidenti Qosim-Joʼmart Tokayev U toliblarning muvaffaqiyatli davlat tuzishiga ishonchsizlik bildirgan

Аfgʼonistonda vaziyat izdan chiqib bormoqda, fuqarolar urushiga olib kelishi mumkin. Yangi vaqtincha hukumat tuzilgan, uning tarkibi va rejalariga jahonda turlicha baho berilmoqda. Toliblar siymosida yangi davlat boshqaruvi shakllantirilgani Аfgʼonistonda tinchlik oʼrnatilgani va iqtisodiy taraqqiyot uchun barcha sharoit yaratilishini anglatmaydi”, - deydi Tokayev.

Prezident Vladimir Putin Аfgʼonistondan Gʼarb qoʼshinlari chiqib ketishiga munosabat bildirdi.

“Аfgʼonistondan АQSh va ittifoqchilari harbiy qoʼshinlarining, yumshoq qilib aytganda, shoshilinch olib chiqib ketilganidan va hukumat tepasiga toliblar harakati kelganidan keyin biz KXShTning navbatdan tashqari sammitida bu mamlakatda tubdan oʼzgargan vaziyat bilan bogʼliq xavf borasida fikr almashgan edik”, - deya mintaqada xavfsizlikni taʼminlash uchun tashkilot aʼzolari jipslashishi zarurligini taʼkidladi Putin.

Tojikiston prezidenti qoshidagi strategik tadqiqotlar markazi xodimi Komron Hidoyatzoda fikricha, yigʼilishda turli bahs-munozaralar boʼlishi tabiiy, ammo yakuniy xulosalar muhim va ular Tojikiston pozitsiyasini yoqlamoqda.

“Bugun tashkilotga aʼzo davlatlar boshliqlari tomonidan qabul qilingan qarorlar KXShT davlatlarida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan. Bu masalada Tojikiston davlati va prezidentining oʼrni katta. Chunki Rahmon rahbarligining avvalgi yillaridan beri, jumladan, 1993-yil BMT minbaridan turib Аfgʼoniston masalasini koʼtargan va bu muammoning imkon qadar tezroq hal etilishi lozimligini taʼkidlagan edi. Bugun qabul qilingan qarorlar tashkilot aʼzo davlatlarida tinchlik taʼminlanishiga xizmat qiladi”, - deydi u.

Tahlilchi Ilhom Yusupov fikricha, Аfgʼoniston masalasida nafaqat Tojikiston, balki KXShTning taʼsiri sezilarsiz.

“Birinchidan, Аfgʼoniston masalasi muhokama etilayotgan yigʼilishda tashkilotning eng qudratli davlati Rossiya prezidentining ishtirok etmasligi bu yerda qabul qilingan qarorlarning ijrosiga taʼsir oʼtkazmay qolmaydi. Boshqa tarafdan, KXShT Аfgʼoniston masalasiga sezilarli taʼsir oʼtkaza olmaydi. Undan koʼra, ShHT (Shanxay Hamkorlik Tashkiloti) koʼproq imkoniyatlarga ega. Chunki Xitoy, Pokiston kabi Аfgʼonistonga taʼsir oʼtkazayotgan qudratli davlatlar ham bu tashkilotga aʼzo. Eronning ham aʼzo boʼlish ehtimoli mavjud”, - deydi Yusupov.

Oʼz ichki muammolarini hal etolmay kelayotgan bu kichik davlatlar Аfgʼoniston masalasida hech qanday taʼsir kuchiga ega emas

“Аynan KXShT haqida gapiradigan boʼlsak, tashkilot oʼzining ichidagi nisbatan kichik muammolar hal etilmay qolib ketmoqda. KXShTning Tojikiston raisligidagi Dushanbeda oʼtkazilayotgan yigʼilishi oldidan ikki nafar Tojikiston fuqarosining qoʼshni Botkent oblastida umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi bu tashkilot doirasida davlatlarning, hech boʼlmaganda ikki qoʼshni davlatning oʼzaro munosabati yaxshi emasligidan dalolat beradi. Ularga shu yilning 28-29-aprel kunlari ikki davlat chegarasida yuz bergan toʼqnashuvlar ortidan hukm oʼqildi. Oʼsha chegara mintaqasida yashaydigan ikki mahalliy fuqaro siyosiy oʼyinlar qurboni boʼlayotganligini hamma tushunib turibdi. Yoki Botkent oblast sudida 15-sentabr kuni yana uch nafar Qirgʼiziston fuqarosi boʼlgan etnik tojiklarga nisbatan jinoiy ish ochilgani maʼlum boʼldi. Rasmiy Dushanbe va Bishkek orasidagi vaziyat tarangligicha qolmoqda. Oʼz ichki muammolarini hal etolmay kelayotgan bu kichik davlatlar Аfgʼoniston masalasida hech qanday taʼsir kuchiga ega emas”, - deya qo’shadi u.

Dushanbeda 17-sentabr kuni ham davom etadigan Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 20 yillik yubiley sammitida ham Аfgʼoniston masalasi muhokama etiladi.

KXShTning Dushanbe sammiti yakunida 14 ta shartnoma, jumladan, deklaratsiya imzolandi.

Deklaratsiyada KXShT xavfsizlik hududida xatarli vaziyat saqlanib qolayotgani va tashkilot aʼzolari oʼz javobgarlik hududlarida xalqaro va hududiy xavfsizlikni mustahkamlashga tayyorligi qayd etilgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG