AQShdan panoh topgan opa-singil jurnalistlar: Afg'onistonga qaytishni xohlaymiz

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Opa-singil jurnalistlar Nagina va Rangina uzoq yillar Afg’onistonning Qandahor shahrida yashab faoliyat yuritgan. Bugun ular AQShda yangi hayot boshlamoqda.

Afg’onistonlik Nagina Anvari va uning singlisi Rangina Anvari hozir Virjiniyaning Feyrfeks shahrida yashamoqda. Bungacha ular boshidan ko’p qiyinchiliklar o’tdi.

Uzoq yillar Qandahorning “Hevand” telekanali uchun ishlagan bu jurnalist ayollar vatanini tark etishga majbur bo’ldi.

Tolibon mamlakatni qo’lga olgach, ketishdan boshqa choramiz qolmadi, deydi Rangina.

“Aeroportga chiqish juda qiyin bo’ldi, lekin vatanimda qolish imkoni ham yo’q edi. U yerda hukumatda ham, matbuotda ham ayollarga o’rin yo’q. Qadriyatlarimiz yakson qilindi, u yerda ortiq yashash azobga aylandi”, - deydi u.

Yuzlab jurnalistlar qatori opa-singil Anvarilar qarindoshlari bilan xayrlashishga ham ulgurmasdan, zudlik bilan Afg’onistonni tark etishga majbur bo’ldi.

“Vaziyat shu qadar qaltis ediku, hatto onam bilan ham xayrlasha olmadim”, - deydi Nagina.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShdan qo'nim topgan afg'onistonlik jurnalistlar

O’tgan yili Tolibon hokimiyatga kelgach, jurnalistlar muntazam tazyiq ostiga olina boshladi va ayollarning davlatga qarashli telekanallarda ishlashi taqiqlandi.

Bundan avval ham ayollar uchun oson emas edi. 2021-yil aprelda Rangina jurnalistikadagi ishi uchun Hayot jamg’armasi sovriniga sazovor bo’ldi. U Kobuldagi marosimni tark etar ekan, qurolli hujumga uchradi.

“Mukofotni olgan kunim men hujumga uchradim va yaralandim. Muvaffaqiyatimni nishonlash o’rniga kasalxonaga tushdim”, - deya xotirlaydi u.

Ular endi xorijdan turib Afg’onistondagi ayollar huquqi uchun kurashni davom ettirish niyatida.

Buni ham ko'ring AQShdagi muhojirlar afg'on qochoqlarini iliq kutib olmoqda

“Har doim ular uchun ishlayman. Bu yerga kelganimizda birinchi ishimiz qizlar uchun maktablarni ochish haqida bo’ldi. Ijtimoiy tarmoqlarga videolar qo’ydik, jim turganimiz yo’q”, - deydi Nagina.

Opa-singillarning aytishicha, agar vaziyat yaxshilanib, Afg’onistonda ayollarning ishlashiga ruxsat berilsa, ular Afg’onistonga qaytishga tayyor.