Breaking News

AQShdagi muhojirlar afg'on qochoqlarini iliq kutib olmoqda


Afg'onistonlik klinikada tibbiy ko'rikdan o'tmoqda, San-Xose, Kaliforniya, 2021-yil, 9-dekabr.

Tram Fam AQShning Kaliforniya shtatidagi San-Xose muhojirlar klinikasida hamshira bo’lib ishlaydi. O’zi ham 22 yoshida Vyetnamdan muhojir bo’lib kelgan. O’sha paytda uni xuddi shu kilinikada tekshiruvdan o’tkazishgan. Bu yerda hamshiralar unga ona tilida so’zlashib, iliq kutib olgan edi.

Oradan o'ttiz yil o'tgach, Famning o'zi endi bu yerda afg’onistonlik muhojirlar bilan ishlamoqda. Santa Klara vodiysi tibbiyot markazidagi Sil va qochqinlar klinikasi Afg‘onistondan kelgan muhojirlarni zarur tibbiy tekshiruvdan o’tkazmoqda.

Fam fors va pashtu tillarini bilmaydi, ammo ish topa olmayotgan yoki to’lash payti kelgan ijara haqi tufayli stressga uchragan bemorlarga ruhiy dalda bera oladi.

Prezident Jo Bayden 2022-yil sentabrgacha Afg‘onistondan 100 000 ga yaqin odamni ko‘chirish rejasini e’lon qilgach, Sil kasalligi va qochoqlar klinikasi shu maqsad yo’lida yordam berishga ahd qilgan ko’plab xayriya va hukumat tashkilotlari tarmog’iga qo’shildi. 48 000 ga yaqin afg‘on allaqachon AQSh harbiy bazalarini tark etib, yangi hududlarga ko’chirildi.

Kamida yigirma shtatda faoliyat yuritadigan Lyuteran immigratsiya va qochoqlar xizmati notijorat tashkiloti o’tgan yili yozdan beri 6000 ga yaqin yangi kelgan afg'onlarning joylashishiga ko’mak berdi. Ularning 1400 tasi Shimoliy Virjiniya shtatida, 350 tasi Texasda, 275 tasi Vashington va Oregonda hamda 25 tasi Shimoliy Dakota shtatidagi Fargo shahrida qo’nim topdi.

Afg'onistonlik muhojir Muhammad Attay va uning rafiqasi Dina Kaliforniya shtati San-Xose shahridagi klinikada, 2021-yil, 9-dekabr.
Afg'onistonlik muhojir Muhammad Attay va uning rafiqasi Dina Kaliforniya shtati San-Xose shahridagi klinikada, 2021-yil, 9-dekabr.

Oklaxoma shtati kutilgan 1800 kishining yarmini qabul qildi. Siti katolik xayriya tashkiloti matbuot kotibi Karli Akardning aytishicha, qochqinlarning shaxsini aniqlash va hujjat ishlari uzoq vaqt olmoqda.

"Ular qochib kelishdi, ko’plarining qo’llarida hech narsalari yo'q edi", - deydi u.

San-Xose shahriga sentabrgacha 800 dan ortiq yangi muhojir kelishi kutilar ekan, klinika ularni joylashtirish uchun yordam beradigan qo’shimcha xodimlarni topish va yollashga qiynalmoqda. Sog'liqni saqlash markazi menejeri Nelda Deyvidning so'zlariga ko'ra, kelayotganlar soni nafaqat o’tgan yilgi 100 tadan ancha ko’p, balki ularning qachon kelishi ham noma’lum.

Ammo Deyvidning ta’kidlashicha, bu muammolar 30 dan ortiq xodimga ega va 40 yil oldin Vyetnam urushi ortidan janubi-sharqiy osiyoliklarga yordam berish uchun tashkil etilgan klinikani afg’on muhojirlarini iliq kutib olishdan to’sa olmaydi. Bu yerdagi hamshiralar, yordamchilar va boshqa xodimlarning aksariyati muhojirlar yoki sobiq qochqinlar bo'lib, ular muhojirlar uchun yangi mamlakatda qayta hayot boshlash oson kechmasligini yaxshi tushunishadi.

Tibbiy tarjimon Jahannaz Afshar fors tilida so'zlashuvchilarni ro'yxatdan o'tish eshigi oldida kutib oladi. Derazasiz ofisda u kamida to'rt marta tashrif buyurishni talab qiluvchi keng qamrovli tibbiy tekshiruvlar davomida nimalar bo’lishini tushuntiradi. Bu jarayonga immunizatsiyalarni yangilash va yuqumli kasalliklarni tekshirish kiradi. Barcha qochqinlar tibbiy ko'rikdan o'tishlari kerak.

2004-yilda Erondan ko‘chib kelgan Afshar muhojirlarga Amerika madaniyatidagi o’ziga xosliklarni, masalan, amerikaliklar o’rtada shaxsiy masofa saqlashni afzal ko’rishini ham tushuntiradi. U yangi kelganlarga avtobusga qanday borishni yoki jamoat kutubxonasidan qanday foydalanishni o’rgatadi hamda AQShda odamlar hech qanday evazsiz, hech narsa kutmasdan yordam berishga doim tayyor ekanini eslatadi.

Xodimlarning aksariyati ikki tilda gaplashadi; ular Xitoy, Myanma, Syerra-Leone va Meksika kabi bir qator mamlakatlardan kelgan, deydi qochqinlar salomatligini baholash dasturini muvofiqlashtiruvchi Milene Madrid. Ammo xodimlar bir xil tilda gaplashmasdan turib ham yordam berishi mumkin.

Afg‘onistonlik ayol o‘tgan kuni birinchi tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kelganida asabiy kayfiyatda edi. Biroq bir necha soat davom etgan ko’rik oxirida uning dili yorishdi; o'n yillar oldin oilasi bilan Vyetnamdan qochib kelgan sog'liqni saqlash bo'yicha yordamchi Niki Fang bilan hazillashib, hatto birga suratga tushdi.

Afg'onistondan yana bir yangi kelgan bemor ko'krak qafasidagi og'riqlardan shikoyat qildi. U shunchalik xavotirda ediki, hatto og’riq alomatlari haqida gapira olmadi. Bemor ko’z yosh to’kar ekan, hamshira Fam uning qo'llaridan ushlab turdi. Ayol butun oilasi bilan mehmonxonaning tor bir xonasida yashayotganidan nolidi.

Hamshiraning e’tiboridan nihoyat ayolning chehrasi yorishdi.

Xodimlar bemorlarga ish topish, bo'sh kvartiralarni jihozlash va ijaraga olish kabi masalalarda ham ko’ngilli sifatida yordam bermoqda. Shukrona kunida ular chaqaloqlar uchun tagliklar va sovg'a savatlarini tarqatishdi. Klinikaga tashrif paytida bir bemor ish uchun avtoulovini ta'mirlashi kerakligini aytdi. Bir necha hafta ichida klinika ikki ming dollar yig’ib, unga ehson qildi.

Afshar afg’onistonlik qochqinlar boshidan kechirganlari qanchalik og’ir bo’lganini yaxshi tushunadi. U va turmush o’rtog’i Eronni tark etishga qaror qilganlarida Afg’onistondagidek urush va o’q yomg’irlariga duchor bo’lmagan. Lekin shunga qaramay, ularning ham bu yerdagi hayotlari oson boshlanmagan.

Kaliforniya va AQShning boshqa ko’plab shtatlarida mahalliy aholi vakillari afg’onistonlik qochoqlarni ochiq yuz bilan qarshi olmoqda. Ko’plab ko’ngillilar ularga qo’llaridan kelgancha yordam ko’rsatmoqda. Chunki ularning aksariyati yoki ota-onalari ham bir paytlar muhojir bo’lganini va Amerikaga kelib mahalliy aholidan shunday yordam olishganini bu ko’ngillilar yaxshi eslaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG