Myanmadagi genotsidni tan olgan AQSh olqishlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Bangladeshga qochgan rohinja musulmonlari. 4-iyun, 2021.

Etnik va diniy taqib, zulm va qatliomdan qochib Bangladeshdan panoh topgan 800 mingdan ziyod rohinja musulmonlari AQShni olqishlamoqda. 21-mart kuni Vashingtonning Myanma harbiylari amalga oshirgan qatliomni genotsid jinoyati deb rasman tan olganini jahon hamjamiyati qo’llab-quvvatlamoqda.

“Myanma harbiy rejimi amalga oshirgan jinoyatning genotsid sifatida e’lon qilinganidan mamnunmiz”, - deydi “The Associated Press” muxbiri bilan suhbatda 60 yoshli qochqin Salohiddin.

Buni ham ko'ring Rohinja musulmonlarining bugungi ahvoli qanday?

“Myanma hukumati 1962-yildan buyon kechgan 60 yil mobaynida rohinja musulmonlari va boshqa etnik guruhlarga qarshi qiynoq qo’llab keldi. AQSh bayonoti ortidan xalqaro hamjamiyatning Myanmaga qarshi chora ko’rishi uchun yo’l ochilmoqda”, - dedi u.

“Rohinja xalqi AQShning Myanma jinoyatini genotsid deb e’lon qilganini hech qachon unutmaydi. Qochqinlar lagerida pandemiya tufayli ommaviy tadbirlar o’tkazish taqiqlangan. AQSh hukumatiga alohida minnatdorchilik izhor etish uchun biror tadbir uyushtira olmaymiz”, - deydi yana bir qochqin Abdul G’afur.

Bir necha yillik tekshiruv va tergovlar ortidan Vashington Myanma musulmonlarga qo’llagan zulmni genotsid jinoyati deya xulosa qildi. Bu AQSh tarixidagi ana shunday qarorlarning sakkizinchisiga aylandi.

Jo Bayden ma'muriyati Myanmada ozchilikni tashkil etuvchi rohinja musulmonlariga qarshi qo'llangan uzoq yillik repressiyani genotsid sifatida rasman tan oldi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 21-mart kuni Xolokost yodgorligi muzeyida o'tgan tadbirda Myanmaga doir bayonotni e'lon qildi.

Muzeyda "Myanmaning genotsid yo'li" nomli ko'rgazma tashkil etildi.

Buni ham ko'ring Myanma musulmonlari

Aksariyat aholisi Budda dinida bo'lgan Myanmada qatliomdan qochgan 840 mingdan ziyod musulmonlar Bangladeshdagi lagerlarda og'ir sharoitlarda kun kechirmoqda.

2021-yil fevralida Myanmada harbiy to’natrish yo’li bilan hokimiyatni qo’lga olgan general Min Aun Xlayn musulmonlarga qarshi beayov zulm qo’llangan 2016-2017-yillarda ham Qurolli kuchlar rahbari edi. Vashington bayonotiga ko’ra, ushbu generalga bo’ysungan kuchlar 9 mingdan ziyod musulmonlarning vahshiylarcha qatl etilishida, 840 mingdan ziyod musulmon qochqinlarning qo’shni Bangladeshda sargardonlikda qolishida aybdor.

Myanmaning oliy qo’mondoni ana shu zulmlarga mas’ul shaxs sifatida 2019-yilning dekabridan buyon AQSh sanksiyalari ostida qolmoqda.

Myanma Tashqi ishlar vazirligi 22-mart kuni Vashingtonga javoban bayonot berar ekan, mamlakatda hech qachon genotsid jinoyati amalga oshirilmagani va bunday amaliyotni hech bir guruhga qarshi qo’llash rejasi yo’qligini ta’kidladi. Vazirlik nazdida, Vashington bayonoti siyosiy manfaatlarga tayangan hamda boshqa bir suveren davlatning ichki ishlariga aralashishdir.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Myanmada rohinjalarga qarshi zulm – genotsid