“Osh” – Amerikada eng maqtalgan 10 restorandan biri

  • Amerika Ovozi

Bizneslarga baho beruvchi “Yelp” platformasi yaqinda AQShdagi 100 ta eng yaxshi restoranlar ro’yxatini e’lon qildi. Tennessi shtatidagi “Osh” restorani ham o’ntalikdan joy olgan.

“Osh Restoran va Gril” ochilganiga bir yildan oshdi. AQShda koronavirus pandemiyasi avjiga chiqqan bir paytda, 2020-yil oxirida ish boshlagan.

“Bizneslarga baho beruvchi “Yelp” kompaniyasidan telefon qilib tabriklashdi. AQShdagi eng zo’r restoranlar ro’yxatida to’qqizinchi o’rinni egallabmiz”, - deydi restoran egasi Shoqudrat Shomansurov.

“Har qanday ishni birinchi marta boshlaganda oson bo’lmaydi. AQShga kelganimda 18-19 yoshda edim. Lekin chin dildan harakat qilsangiz, dunyoning istagan nuqtasida maqsadga erishsa bo’ladi”, - deydi u.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh: Eng yaxshi o’ntalikka kirgan o’zbek restorani

Bu kasb qonimizda bor, deydi Shomansurov. Asli toshkentlik tadbirkor 40 yildan oshiq restoran sohasida ishlagan otasining ishini davom ettirayotganini aytadi.

“Bolaligimizda doim maktabdan keyin dadamning restoraniga borib, o’sha yerda vaqt o’tkazardik, - deydi u. - O’zbekistonda, Amerikada, boshqa joylarda o’zbeklarimiz ko’p. Qayerda bo’lishidan qat’i nazar oldimizga qo’ygan maqsadga har doim erishishga harakat qilib, o’sha maqsadga erishmagunimizcha to’xtamaslik kerak deb o’ylayman. Olloh ham harakat qilgan bandasiga beradi, so’ragan bandasiga beradi”.

Restoranga tashrif buyuradiganlarning aksariyati ilgari o’zbek taomlarini tatib ko’rmagan, o’zbek madaniyati haqida hech narsa bilishmaydi, deydi suhbatdosh.

“Mijozlarimizning 90 foizdan ziyodi amerikaliklar. Endi ular “Google” qidiruv tizimiga kirib, O’zbekiston haqida bilib olishyapti, tilimiz, madaniyatimiz haqida o’rganishyapti. Maqsadlarimizdan biri ham shu edi va bunga erishdik deb o’ylayman. Bundan juda xursandmiz”, - deydi Shomansurov.