Embargoga qaramasdan Yevropa Rossiyaga millionlab dollarlik qurol-yarog' sotgan

  • Amerika Ovozi

Britaniyaning “The Telegraph” gazetasiga ko’ra, 2015-2020 yillar oralig’ida Fransiya va Germaniya Rossiyaga salkam 300 million dollarlik harbiy texnika sotgan va bu qurollarni hozirda Rossiya Ukrainaga qarshi qo’llayotgan bo’lishi mumkin.

Qrim anneksiyasi ketidan Rossiyaga nisbatan qurol-yarog’ embargosi joriy qilinganiga qaramasdan, harbiy sohada savdo davom etgan.

Germaniya eksport qilgan mahsulotlarini “ikki maqsadli” deya ta’riflab, embargo qoidalari buzilganini inkor etmoqda. Rossiyaga, jumladan, muzyorar kemalar, miltiqlar va “maxsus himoya” mashinalari yetkazilgan. Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sotgan qurollarning 35 foizi Germaniya hissasiga to’g’ri keladi.

Buni ham ko'ring AQSh Ukrainaga yana 800 million dollarlik qurol-aslaha jo’natadi

Fransiya Rossiyaga sotgan qariyb 165 million dollarlik qurol-aslaha “bomba, raketa, torpedo, snaryad va portlovchi moslamalar” kategoriyasiga kiradi. Shuningdek, 1000 dan ortiq tanklar uchun maxsus termal kameralar, qiruvchi samolyotlar va vertolyotlar uchun navgatsion sistemalar va infraqizil detektorlar yetkazib berilgan.

Fransuz kompaniyalari ham embargoni aylanib o’tganini inkor etib, 2014-yildan oldin imzolangan shartnomalar bajarilganini, hozirda savdo to’liq to’xtaganini qayd etadi.

2015-2020 yillarda Italiya Rossiyaga qariyb 25 million dollarlik, Britaniya esa 2,2 million dollarllik harbiy vositalar bergan, jumladan, harbiy mashinalar, miltiq va to’ppochalar hamda o’q-dori.

Yuqorida ko’rsatilgan yillarda Yevropa Ittifoqiga a’zo kamida 10 davlat Rossiyaga qiymati qariyb 380 million dollarga teng qurol eksport qilgani ma’lum. Ular orasida Avstriya, Bolgariya va Chexiya ham bor.

Embargoni aylanib o’tish imkonini bergan qonundagi nuqsonlar Ukrainadagi urush boshlanganidan bir necha hafta o’tgandan keyin, aprel boshlarida bartaraf etilgan.

Yaqinda Hindistonga safar qilgan Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Rossiya urushda g’alaba qilishi ehtimoli hamon mavjudligi haqida ogohlantirdi. Britaniya Polshaga tanklar yetkazib berishini e’lon qilgan, Polsha esa o’z navbatida Kiyevga sovet rusumidagi T-72 tanklarini uzatadi.

Rossiya qo’mondoni Rustam Minnekayevning ta’kidlashicha, Ukrainadagi harbiy operatsiyalarning ikkinchi bosqichi mamlakat janubida to’liq nazorat o’rnatish hamda Qrimga quruqlik orqali koridor ochishni ko’zda tutadi.