Qoraqalpog’iston tinch, Lukashenko yil boshidagi ogohlantirishini eslatdi

O’zbekistonliklarni notinch davlatlardan o’rnak olmaslikka chaqirgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog’istondagi noroziliklarda tashqi kuchlar ta’siri borligini ta’kidlamoqda. U bu haqda Nukusdagi uchrashuvlari davomida aytdi.

Tashqi dunyo ham O’zbekistondagi voqealarga munosabat bildira boshladi. Qozog’iston O’zbekiston hukumatini qo’llab-quvvatlamoqda.

Qoraqalpog’iston voqealari haqida gapirgan Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko esa Qozog’istondan keyin O’zbekistonda muammolar boshlanishi haqidagi bashoratlarini eslatmoqda, uchinchi kuchlarni ayblamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Lukashenkoning O’zbekistonga doir bashoratlari qanchalik asosli?

Mirziyoyev ikki kundirki bir oylik favqulodda holat e’lon qilingan Qoraqalpog’istonda. U muxtor respublika maqomiga doir konstitutsiyaviy o’zgarishlar bekor qilinganini e’lon qildi.

Bu Qoraqalpog’istondagi noroziliklar shashtini bir qadar bosgan, ammo muammoning o’zini emas. Favqulodda holat joriy etilishi ortidan aloqa, kirish-chiqish, harakatlanish jiddiy cheklandi, muxtor respublikaga qo’shimcha kuchlar jalb etilgan.

Komendantlikka Milliy gvardiya qo’mondoni general-mayor Rustam Jo’rayev tayinlandi. Nukusdagi jurnalistlar shaharda hayot izga tushayotgani, namoyishlar tinchigani haqida xabar berishmoqda.

Ammo norozilik ijtimoiy tarmoqlarda davom etmoqda. Tarqatilayotgan asosli va asossiz xabarlar hamon ko’p. Ayniqsa xorijdagi qoraqalpoqlarda jiddiy faollik kuzatiladi.

Buni ham ko'ring Qozog'iston Qoraqalpog'iston bo'yicha Toshkentni quvvatlamoqda; Qirg'iziston provokatsion postlardan tiyilishga undamoqda

O’zbekiston va Qozog’iston o’rtasidagi chegara vaqtincha yopiq, temir yo’l qatnovi ham bekor qilindi. Qoraqalpog’istondagi noroziliklarda tashqi kuchlarning qo’li borligi haqidagi qarash davlat rahbarlari darajasida ta’kidlanayotgani inobatga olinsa, ahamiyatsiz emasdek.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, norozilik namoyishiga chiqqanlar, xususan hokimiyat organlariga hujum qilganlar tashqaridan boshqarilgan, ular chetdagilarning nog’orasiga o’ynayapti, O’zbekiston bunga yo’l qo’ymaydi va buning uchun lozim qudratga ega.

Lukashenko Qozog’istondagi namoyishlar ortidan tashqi kuchlarning navbatdagi nishoni O’zbekiston bo’lishi haqida gapirgan edi.

Ukrainadagi urushda Rossiyani emas, G’arbni aybdor ko’rib kelayotgan Lukashenko Qoraqalpog’iston voqealari ortida O’zbekistondagi vaziyatni izdan chiqarishni maqsad qilgan xorij kuchlari turganini ta’kidlamoqda.

Belarus rahbari Ukraina urushi ortidan O’zbekiston haqida bir necha bor bahsli bayonotlar qildi. Uning navbatdagi bayonotiga rasmiy Toshkent hozircha munosabat bildirgani yo’q.

“Amerika Ovozi” Qoraqalpog’istondagi vaziyat, shuningdek, Lukashenkoning bashoratlarini izohlashni so’rab, siyosatshunos Farhod Tolipovga murojaat qildi.

Uning ta’kidlashicha, bashoratchiga aylangan Lukashenko O’zbekistonni Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqqa tortish niyatidan hamon qaytmagan va tashqi kuchlar haqidagi navbatdagi tahdidi ham shu manfaatga asoslanadi.