Breaking News

Kollektiv xavfsizlik - Lukashenko O'zbekistonni ogohlantirdi


Qozog’istonga “hujum” qilgan "terrorchilar"ning keyingi nishoni O’zbekiston bo’lishi mumkin, deydi Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko 10-yanvar kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) yig'inida so'zlar ekan.

“Bu yerda voqealardan saboq chiqarish haqida ko’p gapirildi. Kechirasizu meni, bu saboqni birinchi bo’lib O’zbekiston chiqarishi kerak. Agar bu saboqlardan xulosa chiqarilmasa, bu voqeadan ham ko’rib turibmiz, ularning (jangarilarning) nigohi, jumladan, O’zbekistonga ham qaratilgan”.

Belarusda o’tgan norozilik namoyishlarini misol sifatida keltirgan Lukashenko nafaqat tashqi, balki mamlakat ichkarisidagi faktorlarni ham nazardan qochirmaslikka chaqirdi.

Belarus prezidentining Markaziy Osiyo davlatlariga tavsiyalarida mintaqa hamkorligini o’zaro yaqin va o’zaro uzoqroq davlatlarga ajratish harakati kuzatiladi.

“Bir narsani tushunish kerak, biz yaqin bo’lgan Qozog’istonda Markaziy Osiyo va sobiq ittifoq respublikalaridagi vziyatni portlatib yuborish istagidagilar juda ko’payib qoldi. Yaqinda bunga Afg’oniston ham qo’shildi. Yana bir marta aytyapman, bu bizning shubhasiz xulosamiz. Voqealar ko’rsatdi, Qozog’iston chegaralarida ko’plab xalqaro terrorchilar to’planib qoldi. Bu birinchidan. Ikkinchidan sobiq ittifoq davlatlaridagi bu negativ tendensiyalarni faqatgina bir mamlakat tuzatishi qiyin, hatto yirik hududga ega Qozog’iston misolida ham. Bizningcha, men bunga mutlaqo aminman, Qozog’iston va Qirg’iziston aholisi eng yaqin xalqlar sifatida bizga qoldirilgan, o’zimiz yaratgan muammolarni birgalikda yechishi kerak. Aynan Qozog’iston va Qirg’iziston”, - dedi Lukashenko.

Belarus prezidentining mintaqaga bergan bu tavsiyalari, O’zbekistonni Qozog’istondagi namoyishlardan saboq chiqarishga undashi rasmiy Toshkent tomonidan izohlangani yo’q, ammo bu bayonot ijtimoiy tarmoqlarda jiddiy norozilik keltirib chiqardi.

Ko'plar Lukashenkoning bayonotini O’zbekistonni KXShTga qaytarishga urinish sifatida baholamoqda.

“Biz KXShTga kirishimiz kerak ekan, vaziyat yomon emish. Mana endi Qozog’iston voqealari nima uchun uyushtirilganini yana bir qirrasi ayon bo’ldi”, - deb yozadi Nozir Zokir.

“Shu paytgacha na Yevropa, na АQSh ko’p vektorli siyosat olib boruvchi Qozog’iston va O’zbekistonga bosimlar qilgani yo’q edi, aksincha, biz Gʼarb bilan juda yaxshi munosabatlarni o’rnatayotgan edik. Xususan, Qozog’istondagi qo’zg’olonlarda ham G’arb vakillarining aralashuvi yoxud bosimlari kuzatilgani yo’q, ular barcha ishlarga neytral yondashishdi. Аgressiv harakat qilgan faqat Rossiya va uning ODKBdagi hamtovoqlari bo’ldi. Shu oʼrinda savol tug’iladi: biz aynan nimadan saboq olishimiz va kimdan qo’rqishimiz kerak?”, - deb yozadi @fayzboguz.

Qozog’istondagi norozilik namoyishlari ortidan o’tkazilgan KXShT sammiti ishtirokchilari Armaniston, Belarus, Rossiya Qozog’iston prezidentlari, Qirg’iziston prezidenti ma’muriyati boshlig’i Qozog’istondagi norozilik namoyishlari tashqi kuchlar ishtirokida yuzaga chiqqanini, ular rahbarligidagi harbiy ittifoq KXShT o’z vazifasini samarali bajarishga kirishganini olqishlashdi.

Prezident Qosim-Jo'mart To’qayev sammitdagi chiqishida asosan avvalgi murojaatlaridagi bayonotlarni takrorladi.

Jumladan, Qozog’iston xorijda tayyorgarlikdan o’tgan jangarilarning terror xurujiga uchragani, mamlakatda davlat to’ntarishiga urinish bo’lgani, KXShT kuchlari vaziyat barqarorlashiga xizmat qilgani, aksilterror amaliyoti davom etayotgani, yaqin kunlarda bu fojiali voqealarning xorijdagi va mamlakatdagi ijrochilari kimligi ochiqlanishini ta’kidlab o’tdi.

Qozog’istoning yaqin qo’shnisi Qirg’iziston Prezidenti Sadir Japarov mehnat ta’tiliga chiqqani bois KXShT sammitida ishtirok eta olmagani ta’kidlandi.

Rossiya yetakchiligidagi KXShT a’zolaridan faqat Qirg’izistonda mamlakat harbiylarini norozilik namoyishlari qurshovida qolgan Qozog’istonga jo’natilishi norozilik bilan kutib olingan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG