Bosma matbuot boy berilgan Ozarbayjonda onlayn media o’smoqda

  • Amerika Ovozi

Ko'chada gazeta sotayotganlar. Boku, noyabr, 2005.

Ozarbayjonda yillar davomida iqtisodiy va siyosiy bosim ostida qolgan bosma matbuot o’rnini onlayn axborot vositalari to’ldirib bormoqda.

Tahlilchilarning izohlashicha, mamlakatda bosma matbuot deyarli qolmagan, biroq onlayn media ommalashib ulgurgan.

Buni ham ko'ring Ozarbayjonda yangi qonun matbuot erkinligini yanada bo'g'moqda

So’nggi o’nyillikda gazetalar sonining keskin qisqargani Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari yuzlashgan eng yirik yo’qotish, deydi OAV huquqlari bo’yicha ekspert va advokat Alasgar Mammadli.

“Gazetalar avallari qudratli kuch va ayni damda muqobil yangilik manbai bo’lgan. Shu nuqtai nazardan, bu jiddiy yo’qotish”, - deydi advokat “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Chegarasiz muxbirlar” tashkilotining bildirishicha, Ozarbayjonda “tanqidiy materiallar chop etadigan barcha gazetalar faoliyati to’xtatilgan”. Ushbu tashkilot e’lon qilgan so’nggi Global matbuot erkinligi indeksida esa Ozarbayjon 180 mamlakat ichida 154-pog’onani egallagan.

Mamlakatda gazetalar turli uydirma, bahonalar bilan yopilgan. Ekspertlarning aytishicha, hukumat sud vositasida yoki moliyalashni to’xtatib qo’yish tahdidi bilan matbuotga bosim qo’llaydi.

Buni ham ko'ring Matbuot erkinligi dunyo bo'ylab tahdid ostida

Ozarbayjon hukumati esa ommaviy axborot vositalariga siyosiy bosim va ta’qib o’rnatilganiga doir tanqidlarni inkor etib keladi.

“Hukumat tarafidan biror muammo yo’q. Media bu biznes sektori. Hukumat ularga soliq imtiyozlarini taqdim etgan”, - deydi Ozarbayjon Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish agentligi matbuot kotibi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Ushbu davlat idorasi matbuotni akkreditatsiyadan o’tkazish va litsezniya taqdim etishga mas’ul. Qonunni buzgan mediaga qarshi sudga da’vo qilish vakolatiga ega.

Buni ham ko'ring O'zbekistonda matbuotni kim va nima qutqaradi?

Ozarbayjonlik erkin jurnalist Kamron Mahmudovning ta’kidlashicha, matbuot Ozarbayjonda moliya muammosidan tortib erkinlik muammosigacha bo’lgan qator masalalar girdobida qolib ketgan. Ayni damda chop etilayotgan kam sonli gazetalar esa yo hukmron partiya, yo hukumatga yaqin shaxslarga qarashli.

“Ular mamlakatda matbuot hanuz borligini ko’rsatishga urinmoqda. Lekin bu gazetalar hech kimga kerak emas. Ularda na operativlik bor, na obyektivlik. Hech kim bu gazetalarga ishonmaydi”, - deydi Mahmudov.

Buni ham ko'ring O'zarbayjon tanqidchi jurnalistni mamlakatdan chiqarmayapti

OAV huquqlari bo’yicha ekspert Mammadlining aytishicha, ayni damda internet jurnalistikasi mamlakatda plyuralizm muhitiga asos solmoqda.

“Ozarbayjonda ko’plab nashrlar onlayn faoliyatga o’tgan va ijtimoiy tarmoqlarda nihoyatda faol”, - deydi u.

Erkin jurnalist Mahmudovga ko’ra, “Facebook” va “Youtube” ayni damda mamlakatda eng ommabop ijtimoiy tarmoqlardan. Mustaqil nashrlar va internet televideniyesi aynan shu platformalarga e’tibor qaratmoqda. Real axborot izlaydigan auditoriya ham shu tarmoqlarni muntazam kuzatib boradi.

Ozarbayjonning 10,1 million aholisining 80 foizi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari. Raqamlar yildan-yilga oshib bormoqda. Tadqiqotlarda qayd etilishicha, 2020-2021-yillar oralig’ida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari 600 ming kishiga ko’paygan.