Kaliforniyada qurg’oqchilik: Aholidan suvni tejash so’ralmoqda

  • Amerika Ovozi

Qurg’oqchilik oqibatida janubiy Kaliforniyada suvdan foydalanish bo’yicha yangi cheklovlar joriy etildi. Aholidan suvni tejash so’ralmoqda. Qoidabuzarlarga nisbatan chora ko’riladi.

Yam-yashil maysazorlar Kaliforniya mahallalariga husn berib turadi. Ammo qurg’oqchilik sabab Los-Anjeles okrugida ularni haftasiga faqat ikki bor sug’orish mumkin xolos.

Your browser doesn’t support HTML5

Kaliforniyada suv iste’moliga cheklovlar

Las-Virjenes rayonida aholi suv purkagichlardan haftada bir marta foydalanishi mumkin, chunki bu yerda yerosti suv zarixalari yo’q. Jamoatchilik bilan aloqalar bo’limi vakili Riki Klarkning aytishicha, tumanda suvning 70 foizi tashqarida ishlatiladi.

“Uy raqami juft son bilan tugagan xonadonlar gazonlarini seshanba kunlari sug’oradi. Uy raqamlari toq son bilan tugaydigan mijozlar esa payshanba kunlari. Shunda ham sakkiz daqiqa davomida”, - deydi Los-Virjenes suv boshqarmasi vakili Klark.

Kim suvdan qachon va qancha miqdorda foydalanayotgani kuzatib boriladi. Qoidabuzarlar avvaliga ogohlantirish oladi, so’ng jarimaga tortiladi.

Buni ham ko'ring AQSh g’arbida 20 yillik qurg’oqchilik asoratlari

Qoidabuzarlik davom etsa, suv ta’minoti minutiga qariyb to’rt litrgacha kamaytiriladi. Keyson Gilmer ayrim xonadonlarga oqimni cheklovchi uskuna o’rnatmoqda.

“Bu uskuna uydagi quvurga o’rnatilgach, oshxonada uncha sezilmaydi. Lekin dush qabul qilayotganda farqini bilasiz. Dushda odatda minutiga 9,5 litr suv sarflanadi. Cheklov bilan kamroq sarflaysiz, lekin uddalasa bo’ladi. Kir yuvish mashinasida va hojatxonada suv to’lishi ko’proq vaqt oladi. Xullas, hamma narsa ishlaydi, tejamkor bo’lishni so’rayapmiz. Biroq tashqarida bu kichik teshikdan chiqadigan suv irrigatsiya tizimi uchun yetarli emas”, - deydi Gilmer.

Ayrim kaliforniyaliklar muntazam suv talab qiladigan maysazorlaridan voz kechayapti. Sara Larivye bir yil oldin uy xarid qilgan. Hovlisini yovvoyi gullar, qurg’oqchilikka chidamli mahalliy o’simliklar bilan to’ldirishga qaror qildi.

“Los-Anjeles okrugida ozgina suv bilan o’sadigan o’simliklarni qayerdan topish bo’yicha izlandim. Teodor Peyn jamg’armasi bor ekan, sizga hamma kerakli ma’lumotni berishadi. Kurslariga qatnadim, mahalliy o’simliklarni qanday sug’orish kerakligini tushunib oldim. Hammasiga ancha vaqt sarfladim”, - deydi Larivye.

Kaliforniya shtati qurg’oqchilikka chidamli gulzor yaratish loyihasiga har bir xonadonga ikki ming dollargacha yordam beradi. Tejamkorlikka da’vatlar va suv iste’moliga cheklovlar kuchayar ekan, gazonlar sarg’ayib borayapti.