BMT: Ukraina g'allasini eksport qilish bo'yicha kelishuvga erishildi

  • Amerika Ovozi

Ukrainaning Odessa viloyatida bug'doy o'rimi, 2022-yil, 14-iyun

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi Antoniu Guterrishning e’lon qilishicha, Turkiya hamda BMT vositachiligida Moskva va Kiyev Ukraina g’allasini eksport qilish boʻyicha “umumiy kelishuv”ga erishgan.

“Bugun muhim va mazmunli qadam tashlandi, - dedi Guterrish jurnalistlarga Istanbulda toʻrt tomon oʻrtasida boʻlib oʻtgan muzokaralar ortidan. - Umumiy kelishuv yo'lidagi qadam bu".

Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari muzokaralar boʻyicha oʻzining ommaviy sukutini buzib, Turkiya mudofaa vazirining shu mavzuda chiqargan bayonotidan ma’lumot keltirdi. Unda Rossiya, Ukraina va BMT ishtirokida muvofiqlashtirish markazini yaratish, portlarda g’allani tekshirish jarayonini qanday nazorat qilish hamda Odessadan don olib ketayotgan yuk kemalarining xavfsizligini ta'minlash kabi masalalarda kelishuvga erishilgani qayd etiladi.

Buni ham ko'ring Rossiya-Ukraina urushi g'alla bozorini izdan chiqarishi mumkin

“Albatta, bu birinchi uchrashuv, - deya qo’shimcha qildi Guterrish. - Siljish juda yaxshi. Hozir delegatsiyalar o‘z poytaxtlariga qaytishmoqda. Umid qilamizki, keyingi uchrashuvda rasmiy kelishuvga erishamiz”.

Guterrish yakuniy kelishuv qachon tayyor bo‘lishini aytmadi, ammo tomonlar kelasi hafta qayta yig‘ilishini, unda yakuniy kelishuvga erishilishiga umid qilayotganini bildirdi. U, shuningdek, har doim kelishuvni imzolash uchun Istanbulga qaytishga tayyorligini ta’kidladi.

Muzokaralardan xabardor BMT rasmiylaridan birining aytishicha, rossiyaliklar va ukrainaliklar o'rtasida o’tgan muhim uchrashuvda bir qator kelishmovchiliklar bo'yicha katta muvaffaqiyatlarga erishilgan.

20 million tonnadan ortiq Ukraina g’allasi Qora dengiz bo‘yidagi Odessa porti omborlarida saqlanadi. Rossiya blokadasi tufayli o‘nlab kemalar portda qolib ketdi. Turkiyaga ko’ra, bu yerda yo’lga chiqishni kutayotgan 20 ta savdo kemasi bor va ular tez orada g’alla bilan to’ldirilib jahon bozorlariga jo'natiladi.

Buni ham ko'ring Oziq-ovqat va yoqilg'i kamomadi Yevropani tanazzulga yetaklaydimi?

G'alla bo'yicha kelishuv bir necha oydan beri davom etmoqda. BMT rasmiylari, agar dunyodagi eng yirik don eksportchilaridan biri bo'lgan Ukraina o'z hosilini bozorga olib chiqa olmasa, global oziq-ovqat tanqisligi va ocharchilik yuz berishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

Jahon Oziq-ovqat dasturi rahbari Deyvid Bisli 19-may kuni bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida “Odessa viloyatidagi portlarni ochmaslik global oziq-ovqat xavfsizligiga qarshi urush e’lon qilish bilan barobar”, degan edi.

Jahon Oziq-ovqat dasturi ma'lumotiga ko'ra, joriy yil boshida dunyo bo'ylab 276 million odam o'tkir ochlik bilan to'qnash kelgan. Ukrainadagi mojaro davom etsa, bu raqam yana 47 million kishiga ko'payadi, deyiladi tashkilot prognozida. Eng keskin vaziyat Afrikaning Sayroi Kabir mintaqasida yuz berishi mumkin.