Tadqiqot: iqtisodiy o'sishni tungi chiroqlar orqali aniqlash mumkin

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Sun’iy yo’ldoshlar orqali mamlakatlarning iqtisodiy taraqqiyotini o’rgangan yangi tadqiqotga ko’ra, nodemokratik davlatlarda iqtisodiy o’sish ko’rsatkichlari bo’rttirib ko’rsatilgan.

Barcha yetakchilar, xoh demokratik yoki diktator bo’lsin, o’z mamlakati iqtisodiyotining o’sishini xohlaydi.

“Hamma ishlar a’lo ekanini ko’rsatishga urinadi. Muhim farq shundaki, demokratik jamiyatlarda bu jarayon turli chig’iriqlardan o’tadi. Nodemokratik rejimlarda esa mana shunday nazorat va tekshirish mexanizmlari mavjud emas”, - deydi tadqiqotchi Luis Martinez.

Agar hukumat bergan raqamlarga ishonmasangiz, iqtisodiy o’sishni qanday o’lchash mumkin?

Sun’iy yo’ldosh tasvirlari asosida o’tkazilgan yangi tadqiqotga ko’ra, kechasi mamlakat qanchalik chiroq nurlari bilan charog’on ekaniga qarab iqtisodiy ko’rsatkichlarni aniqlash mumkin.

Koreya yarimoroli bunga yaxshi misol bo’la oladi. Janubiy Koreya tunda chiroq nurlari bilan porlasa, Shimoliy Koreya deyarli to’liq qorong’ulikka cho’mgan.

Buni ham ko'ring Amerikalik iqtisodchilar Nobel mukofoti sovrindori    

“Iqtisodiyot o’sgan sari yangi inshootlar, uylar va sanoatlar quriladi; ko’chalarda chiroqlar ko’payadi”, - deydi Martinez.

Marinez, avvalo, “Freedom House” tashkiloti ma’lumoti asosida davlatlarning demokratik darajasini belgilab chiqdi. So’ng hukumatlar yalpi ichki mahsulot hajmi haqida bergan rasmiy ma’lumotlarni sun’iy yo’ldosh orqali olingan tasvirlarga qiyosladi.

“Masalan, tungi yorug’lik miqdori bir xil miqdorda o’sgan ikki mamlakatni solishtirdik. Bu ikki davlatdan demokratikroq bo’lgani yalpi ichki mahsulot o’sishini kamroq miqdorda ko’rsatgani ma’lum bo’ldi”, - deydi tadqiqotchi.

Martinez 20 yil davomida iqtisodiy o’sish raqamlari va sun’iy yo’ldosh suratlari asosida 184 davlatni o’rgandi. Xulosa shuki, diktatura hukmron jamiyatlarda raqamlar bo’rttirib ko’rsatiladi.

Buni ham ko'ring Si kompartiya syezdida: Keyingi besh yil hal qiluvchi davr bo’ladi

“Demokratik va barqaror davlatlarni avtoritar rejimlar bilan solishtirsak, farq 30-35 foiz ekanini aniqladik. Bu degani, masalan, haqiqiy o’sish bir foiz bo’lsa, avtoritar rejim buni 1,3 foiz deb ko’rsatadi”, - deydi Martinez.

Si Zinpin o’tgan hafta yana besh yilga Xitoyning navbatdagi yetakchisi etib tanlandi.

Martinez modeliga ko’ra, Pekin ham o’tgan 20 yil ichida iqtisodiy o’sish hajmini 30 foizgacha bo’rttirib ko’rsatgan bo’lishi mumkin. Xitoy iqtisodiy ko’rsatkichlar haqqoniy ekanini da’vo qiladi.

Xitoy Kommunistik partiyasi uchinchi chorakda iqtisodiy o’sish 3,9 foiz bo’lganini e’lon qildi. Ammo bu raqamlarning e’lon qilinishi hech qanday izohlarsiz odatdagidan bir necha kunga kechiktirildi.