Energetik inqirozdagi Markaziy Osiyo Vashingtonda muhokamada

O'zbekiston viloyatma-viloyat tok uzilishlari va me'yoridan past bosimli gaz bilan kuch kechirmoqda

30 yildan beri mustaqil va suveren davlatlar sifatida yashayotgan Markaziy Osiyo bu qishda ham energetik inqirozning oldini ololmadi. Aholisi 36 millionga yaqinlashgan O'zbekiston, 19 milliondan ziyod Qozog'iston, qariyb 10 millionlik Tojikiston va deyarli 7 millionlik Qirg'izistonda qahraton qish boshlanar ekan, hukumatlar xalqning quvvatga talabini qondira olmayapti.

Rahbariyatlar bugungi taqchillikda oldingi yillardagi bo'lgani kabi havo darajasi tushib ketgani, ishlab chiqarishdagi muammolar va shimoldagi energetik gegemon - Rossiyani ayblaydi. Toshkent, Ostona, Bishkek va Dushanbeda energetika vazirliklari tun-u kun mehnatda ekani, hududma-hudud iste'molchilarning muammosi o'rganilib, imkon qadar yordam berilayotganini ta'kidlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa jamoatchilik boshqaruvlarga nisbatan g'azabini, ta'minotchilar va mutasaddilardan naqadar norozi ekanini yashirmayapti. Hukumatlar inqiroz ko'lami matbuot yoritayotganidek keng emas, deya inkor etsa-da, aholining o'zi bevosita hozirgi noiloj ahvoli haqida tinimsiz xabar bermoqda va dardini ijtimoiy tarmoqlarda dasturxon qilmoqda.

Vaziyatni yaqindan va uzoqdan kuzatib turgan Jahon banki hukumatlarni qisqa va uzoq muddatli yechimlar ustida o'ylashga chorlamoqda.

2010-yildan beri Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarida 1,3 milliard dollarlik sarmoya qilgan bank shu kunlarda to'rt tavsiyasini eslatdi.

O'zbekiston ko'chalarida, dekabr, 2022

Birinchidan, deyiladi Jahon banki sharhida, energiya iste'molini kamaytirish zarur, uni ayab ishlatishni targ'ib qiluvchi amaliy loyihalar bilan chiqish kerak. Subsidiya dasturlarini qayta ko'rib chiqish lozim.

Ikkinchidan, talabga qarab ta'minlash tizimini yo'lga qo'ying. Yaponiya, masalan, shunday siyosat orqali yillik iste'molni 15 foizga tushira olgan.

Uchinchidan, energiyani isrof qilmayotganlar va inshootlarida tozaroq manbalardan foydalanayotganlar uchun imtiyozlar taklif qiling, shuningdek, moliyaviy choralar va standartlarni tanishtiring.

To'rtinchidan, hukumatlar isitish borasida yangi strategiya bilan chiqib, tarmoqlarni tubdan isloh qilishi kerak. Tabiiy gaz va ko'mirga asoslangan sistemalar astalik bilan geotermal, quyosh energiyasi va boshqa muqobil manbalarga o'tishi kerak.

O'zbekiston va Qozog'iston rasmiylarining so'zlariga ko'ra, Jahon bankining bu tavsiyalari allaqachon amalda, infrastruktura va turmush shunga moslanmoqda.

Millionlab aholi esa, ayniqsa, bugungidek sovuq kunlarda toksiz va gazsiz yashar ekan, xalqaro tashkilotlar va hukumatlarning strategik dasturlari va yo'l xaritalariga emas, konkret yechimlarga umid qilmoqda. Bugun tok bo'ladimi? Ertadan gaz keladimi yoki yaroqsiz bosim oshadimi?

Jorj Vashington universitetidagi forum, 6-dekabr, 2022

AQSh poytaxtidagi Jorj Vashington universitetida o'tgan forumda Markaziy Osiyodagi bugungi yetishmovchilik, energetik siyosat va global vaziyat muhokamada bo'ldi.

Forumda so'zlagan ekspertlarga ko'ra, barcha davlatlar o'z resurslari, bugungi imkoniyatlari va zaif jihatlari haqida yaxshi biladi. Rahbariyatlar muqobil energiya manbalariga jiddiy qarab, sarmoya qila boshlagan.

Amerika mutaxassislari nazarida birlamchi masala - hozirgi inqirozdan chiqish, qisqa muddatli bo'lsa-da, yechim topish. Biroq uzoq muddatda mamlakatlar energetik mustaqillik tomon harakat qilmog'i lozim.

Uesli Hill, Daniel Tomares va Ariel Koen bitgan tahlilnoma to'rt yo'nalishni ko'rib chiqadi. Birinchidan, xalqaro talabni qondirish uchun Markaziy Osiyo nimaga qodirligini. Ikkinchidan, buning uchun mintaqaga qanday infratuzilmalar zarurligini. Uchinchidan, geosiyosiy muammolar va jumboqlarni. To'rtinchidan, Rossiya va Xitoy bosimi, hamkorligi va takliflarini.

Buni ham ko'ring AQSh To'qayev bilan ishlaydi, ammo demokratik shartlar o'zgarmas

Ilmiy hisobotga homiylik qilgan Xalqaro soliq va sarmoya markazi degan notijoriy tashkilot rahbari Daniel Uitt fikricha, Qozog'iston va O'zbekiston - demokratik yo'lga tushgan davlatlar va G'arb ularni quvvatlashdan manfaatdor. Ekspert har ikki respublikada siyosiy-iqtisodiy islohotlar va'da berilganidek jadallashadi degan umidda.

Har ikkisi uchun energetika bag'oyat dolzarb va tashqi dunyo ular bilan ishlash zarur, deydi Uitt, chunki ular ta'minotchi va talabi ham oshib borayotgan mamlakatdir. Uning tahlilicha, Yevropa Ittifoqi allaqachon mintaqaga yangicha ko'z bilan qaray boshlagan. Uitt Amerikani ham shunday yondashuvga undaydi.

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Kayrat Umarov deydiki, iqtisodiy taraqqiyotni ta'minlash, aholining ehtiyojlarini qondira olish - hukumatning asosiy vazifalaridan, jumladan tok, gaz va yonilg'ini uzluksiz yetkazib berish.

"Yaqinda o'tkazgan saylovlarimiz va bu yilgi burilishlar - mamlakatimiz radikal o'zgarishlar qilishga bel bog'laganidan dalolat. Prezidentimiz To'qayev keng quvvatlandi, unga xalqimizning ishonchi baland, - deydi Umarov Vashingtonda so'zlar ekan. - Korrupsiyaga qarshi qattiq kurashamiz. Nepotizmga toqat qilmaymiz. Boshqaruv xalq bilan samimiy va amaliy muloqotni yo'lga qo'ymoqda".

Vashington, 5-dekabr, 2022: AQSh-Qozog'iston strategik dialogi, Davlat departamenti.

Qozog'iston AQShdan strategik sheriklik va doimiy quvvatlov uchun minnatdor. Umarov Vashingtonga yillik muloqot uchun delegatsiya bilan kelgan.

Uning aytishicha, neftga boy davlat eksport qilayotgan qora oltinning 70 foizi Yevropa bozorlariga boradi.

"Jahonda neft ta'minotining 1,5 foizi bizning hissamizga to'g'ri keladi", - deydi vazir o'rinbosari.

Buni ham ko'ring AQSh Davlat kotibi muovini: "Markaziy Osiyoda suverenitet va mustaqillik uchun sarmoya qilamiz"

AQSh uchun Qozog'iston - Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherik. Amerika sarmoyasi asosan respublikaning neft sanoatida.

"Iqtisodiyotimizni diversifikatsiya qilishga bel bog'laganmiz, AQSh bizneslari va ularning takliflariga ochiqmiz", - deydi rasmiy.

Umarov qayd etishicha, energetik hamkorlik 5-dekabr kuni AQSh Davlat departamentida kechgan muzokaralarda ham keng ko'lamda ko'rib chiqilgan.

"Bizga "aqlli" energetik tarmoqlar zarur. Amerika yordamiga tayanishni istaymiz. Quvvatni ayab ishlatish, iste'molni real talabga moslash kabi chora-tadbirlar ko'rishda biz Amerika tajribasi va ko'magiga tayanmoqchimiz" .

Qozog'iston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Kayrat Umarov AQS Davlat kotibining Siyosiy masalalar bo'yicha muovini Viktoriya Nuland bilan, Vashington, 5-dekabr, 2022