Konstitutsiya kuni oldidan 223 mahkum ozodlikka chiqmoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Mirziyoyev 2017-yildan beri har yili yuzlab mahkumlarni avf etadi

Bugun Toshkentda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan.

O‘zbekiston konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan va uning 93-moddasi 23-bandiga asosan "bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan jazo muddatini o‘tayotgan 402 nafar shaxs afv etildi", - deya bildiradi prezident idorasi.

Afv etilgan shaxslarning 128 nafari jazodan to‘liq ozod qilinadi. 201 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi. 15 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Jami 223 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan erkinlikka chiqarilmoqda.

58 nafar shaxsning jazo muddati qisqartiriladi.

Afv etilganlarning 17 nafari chet el fuqarolari. 26 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar. 63 nafari ayol. 19 nafari esa taqiqlangan tashkilotlarga aloqadorlikda aybdor deb topilgan shaxslar.

Mirziyoyev ma'muriyatiga ko'ra, bugungi farmon ijrosi, jumladan afv etilganlarni oilasiga qaytarish, ular ish topishi va jamiyatga qayta qo'shilishida yordamlashish mas’ul vazirlik va idoralar zimmasida.