Breaking News

O'zbekiston endi BMT Inson huquqlari kengashi a'zosi, maqsad va majburiyat nima?


BMT Inson huquqlari kengashi qarorgohi Jenevada joylashgan. Bu organga 47 davlat a'zo. Besh mintaqadan tanlanadigan davlatlar uch yilga saylanadi.
BMT Inson huquqlari kengashi qarorgohi Jenevada joylashgan. Bu organga 47 davlat a'zo. Besh mintaqadan tanlanadigan davlatlar uch yilga saylanadi.

BMTning 2006-yilda vujudga kelgan va Jenevada asoslangan Inson huquqlari kengashi 47 davlat a'zoligidagi organ. Besh mintaqadan tanlanadigan mamlakatlar uch yilga saylanadi: Afrikadan 13 a'zo; Osiyo-Tinch okeani davlatlaridan 13 a'zo (Markaziy Osiyo shu guruhda); Sharqiy Yevropadan 6 a'zo, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan 8 a'zo; G'arbiy Yevropa va boshqa mintaqalardan 7 a'zo.

Inson huquqlari kengashining asosiy vazifasi - erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ'ib qilish, shuningdek, jahon bo'ylab bu boradagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko'rsatma va tavsiyalar berish. Shu paytgacha unga Markaziy Osiyodan Qozog'iston va Qirg'iziston a'zo bo'lgan. O'zbekiston kengashga kirish uchun ilk bor harakat qildi va 13-oktabr kuni kechgan saylov natijasida qabul qilindi. BMTga a'zo 191 davlatdan 169 tasi Bosh Assambleya sessiyasida uning uchun ovoz bergan.

Kengash kotibiyatiga ko'ra, har bir a'zo o'z majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog'liq mezonlarga amal qilishda namuna bo'lishi lozim.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a'zosi, "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov "Amerika Ovozi" bilan Toshkentdan gaplashar ekan, respublika bunday sinovlarga tayyor, deydi.

O'zbekistonning mana shunday yuqori organga intilganining asosiy sababi, deydi deputat, davlat bu a'zolik yuklaydigan majburiyatlarni bajarishga hamda inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga bel bog'laganidan dalolatdir.

"Yuksalish" yetakchiligida mamlakatdagi nohukumat tashkilotlardan 150 tasi O'zbekistonning bu kengashga a'zolikka kirishini quvvatlagan va hukumatning bu organdagi faoliyatida yordamlashmoqchi.

Bekmurodov, shuningdek, O'zbekistonning BMTdagi elchisi Baxtiyor Ibragimovning qayd etishicha, Toshkent huquq tashkilotlarining tavsiya va xavotirlariga befarq emas. Har ikkisi deydiki, respublikaning a'zolikka kirishi ostida faqat ezgu niyatlar yotibdi, ya'ni hukumat O'zbekistonda ham, jahon bo'ylab ham huquq va qonun ustuvorligi bilan bog'liq vaziyat yaxshilanishini xohlaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining bu yilgi sessiyasida so'zlaganida, mamlakatda islohotlar davom etadi, adolat va taraqqiyot tomon qadam tashlashdan to'xtamaydi va ortga qaytmaydi, deya bong urdi. Uning so'zlarini tinglagan huquq himoyachilari va xalqaro tashkilotlarning pozitsiyasi shuki, ushbu bayonotlar amalda aks etishi kerak - bugun, ertaga va undan keyin.

O'zbekistonning bu kengashga kirishiga qarshi tomonlarga ko'ra, respublikaning o'zida huquq masalasi chatoq ekan, unga xalqaro minbarlarda bu borada boshqalardan hisobot so'rashga yoki boshqa hukumatlarni tergashga yo'l bo'lsin. Avvalo o'zidagi vaziyatni juda bo'lmaganda qoniqarli yoki mamlakatni nisbatan erkin degan darajaga chiqarmay turib, BMT organiga intilish O'zbekiston nufuz va "prestij" ketidan chopayotganini anglatadi, deydi norozi taraf. Katta davradan o'rin olib, O'zbekiston "usti yaltiroq, ichi qaltiroq" davlatlar qatorida turganidan xursand, deya tanqid qiladi huquq himoyachilari.

Ayrim ekspertlarga ko'ra esa na kengash va na O'zbekistonning unga kirishi muhim. Ular nazarida BMTning bu organi samarali ishlamaydi. A'zolarga qarang, aksariyati erkinlikdan yiroq, huquqbuzar va qonunbuzar davlatlar - Xitoy, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Pokiston, Kuba, Malavi, Somali, Kongo Demokratik Respublikasi va boshqa repressiv tuzumlar. Erkin dunyodan Fransiya, Britaniya va Chexiya ham a'zo, lekin kengash, umuman olganda, "namunali mamlakatlar davrasi" emas.

"Human Rights Watch" huquq tashkilotining Markaziy Osiyodagi sobiq bosh eksperti Stiv Sverdlov fikricha, O'zbekistonning BMT kengashiga saylanishi respublika mintaqa va global miqyosda faollashayotganidan darak. Islom Karimov davridagi O'zbekistondan farqli o'laroq, deydi Sverdlov, bugun bu davlat xalqaro hamjamiyat bilan ishlashga oshiqmoqda.

Sverdlov, hozirda Janibiy Kaliforniya universiteti professori, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

O'zbekiston, deydi u, dastavval o'zi BMT e'tibor qaratgan va tuzating, deya undagan masalalarni hal etishi kerak. Jumladan, avtoritar strukturadan voz kechishi, siyosiy plyuralizmga yo'l ochishi, xavfsizlik organlari ustidan nazoratni oshirishi, adliya tizimini isloh qilishi, qiynoqlarni butkul to'xtatishi, nohukumat tashkilotlarning ro'yxatdan o'tishini osonlashtirishi, sobiq siyosiy mahbuslarning arzini tinglashi, ekstremizmga qarshi choralarni qayta ko'rib chiqishi, diniy erkinlikni kengaytirishi, gomoseksualizmga jinoyat deb qaramasligi zarur. Bular Inson huquqlari kengashida doimiy muhokamadagi mavzular, deydi Sverdlov.

O'zbekiston bu organga kirib, nima foyda ko'rishi mumkin?

Bekmurodov singari qonunchilar fikricha, xalqaro sahnadagi faollik O'zbekistonda shu kungacha huquq va qonun ustuvorligi borasida erishilgan yutuqlar asrab-avaylash uchun imkon beradi. Davlat idoralarida mas'uliyatni oshirish, shaffoflik va oshkoralikni ta'minlash, majburiy mehnatga qarshi kurash, siyosiy mahbuslarning ozod etilishi, avf etish va oqlov, adliya islohoti, sud mustaqilligi, urush maydonlaridan vatandoshlarni olib kelish, qiynoqlarga bahram berish, jazoni o'tash muassasalarini monitoring qilish, jinsiy tenglik va boshqa jabhalarda ham ijobiy o'zgarishlar qilishda davom etish kerak, deydi "Yuksalish" raisi.

Bekmurodov deydiki, O'zbekistonda xalqaro majburiyatlarni bajarish uchun iroda yetarli. Oliy Majlisda buning uchun maxsus komissiya tuzilgan. Qonunchilar va butun tizim keyingi qadamlar haqida jiddiy bosh qotiryapti, deydi deputat.

O'zbekiston, deydi u, yopiq jamiyatdan ochiq jamiyatga aylanishni istaydi. Mana shu transformatsion jarayon faqat O'zbekiston uchun emas, xalqaro hamjamiyat uchun ham ahamiyatlidir, deydi Bekmurodov, shu bois respublika o'z tajribasini dunyo bilan baham ko'rishdan to'rtinmaydi.

Deputat tahlilicha, O'zbekistonda tizim mukammal va shu bois u xalqaro organlarga kirishi kerak, deya iddao qilinmaydi. Lekin, deydi Bekmurodov, rahbariyatda ham, fuqaro jamiyatida ham taraqqiyot sari kuchli iroda va ishonch bor.

Inson huquqlari kengashiga a'zolik yuzasidan yangragan keng doirali fikrlardan biri shuki, O'zbekiston avvallari BMT bilan hamkorlikka yuzaki qarar, ayniqsa huquq bilan bog'liq yo'nalishlardan o'zini olib qochar edi. Shu bois ham uning bugungi faolligi ijobiy baholanishi kerak. O'zbekiston hukumati endi xalqaro hamjamiyatdan "mamlakatdagi vaziyatni yaxshila" deya ko'proq eshita boshlaydi. O'zbekiston o'z ixtiyori bilan bu majburyatlarni zimmasiga olayaptimi, bajarmasa, uyaltirish va tanqid qilish uchun asos yanada ko'paydi, deydi ekspertlar.

O'zbekistonni fuqaro jamiyatini taraqqiy ettirish, siyosiy mahbuslar dardini tinglab, ularning reabilitatsiyasi uchun zamin yaratish, real muxolifatga yo'l berish, so'z va matbuot erkinligini kengaytirish, qamoqxona va hibsxonalardagi vaziyatni yaxshilash, sud mustaqilligi va huquq-tartibot organlari ustidan demokratik nazorat tomon harakat qilishga undab kelayotgan G'arb, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqi respublika inson huquqlari bobida zarur qadamlar tashlaydi, degan umidda.

Amerika BMT Inson huquqlari kengashiga kirmaydi, lekin rasmiylarga ko'ra, O'zbekistonda islohotlar davom etsa, Vashington yordamni ayamaydi.

Tramp ma'muriyati Rossiya, Xitoy, Kuba va Venesuela singari repressiv hukumatlar bu kengashga kirishidan norozi. AQSh mazkur organni zolim davlatlar davrasi deya qoralab, 2018-yilda uni tark etgan. Davlat kotibi Mayk Pompeo 13-oktabrgi saylov natijalarini la'natlab, Amerika huquqbuzarliklarga ko'z yummaydi, deya bayon qildi. Bayonotda O'zbekiston tilga olinmagan.

BMTning O'zbekistondagi vakolatxonasiga ko'ra, o'tgan yillarda hamkorlik misli ko'rilmagan ko'lamda kengaygan; katta loyiha va dasturlar ishga solingan va bu idora Prezident Mirziyoyevning islohotlar dasturiga ishonadi va quvvatlaydi. Vakolatxonaning umidi shuki, Inson huquqlari kengashiga a'zolik O'zbekistonni bu yo'nalishda siljishi uchun xizmat qiladi.

Bobur Bekmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a'zosi, "Yuksalish" milliy harakati raisi
Bobur Bekmurodov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a'zosi, "Yuksalish" milliy harakati raisi

O'zbekiston xalqaro hamjamiyat tavsiyalariga qanchalik tayanmoqda? Xorijiy maslahatchilarga quloq tutmoqdami?

"Yuksalish" raisining javobi shuki, respublika tashqi dunyo maslahatlari va tavsiyalarini hech qachon hozirgichalik inobatga olmagan. Tub muammolarni tan olib, ularga yechim izlash, har jihatdan taraqqiy etish, global me'yorlarni tadbiq etish, har bir sohada jahon tajribasini o'rganish - bularni O'zbekiston chet el yordamisiz uddalay olmaydi, deydi Bekmurodov.

Xorijiy ekspertlarni va vatandoshlarni jalb etish, davlat idoralarida ularning ko'magiga tayangan holda o'zgarishlar qilish, iqtisod, moliy va sarmoya hamda davlat boshqaruvi va umuman, sistematik islohotlarda yirik xalqaro tashkilotlardan maslahatchilarni taklif qilish hozirgi O'zbekiston uchun normal hol, deydi Bekmurodov. Yangi qonunlar ustidan ishlashdan tortib, ularni amalga oshirish va nazorat qilishgacha, xalqaro mutaxassislarning rekommendatsiyalari keng tarzda inobatga olinmoqda, deydi deputat.

To'rt yil oldingi O'zbekistonda vaziyat umuman boshqacha edi, deya eslaydi Bekmurodov, chet ellik mutaxassislar davlat idoralariga yaqinlasha olmas edi. Ekspertlar aksariyat hollarda mamlakatga kela olmas edi, tahlilnoma va tavsiyalarini hukumatga kiritishning iloji yo'q edi.

"Hozirda har bir muhim hujjat, har bir strategiya albatta xalqaro tashkilotlar va ekspertlar bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda va ularning takliflari albatta inobatga olinmoqda:, - deydi Bekmuroodov.

"O'zbekiston to'g'ri yo'ldan ketishi uchun, har tomondan rivojlanishi uchun xalqaro hamjamiyat, xususan xorijiy mutaxassislar bilan yaqindan ishlashdan manfaatdormiz va jarayonlar shunday davom etishi kerak deb hisoblayman:, - deydi deputat.

O'zbekistonga uning xalqaro majburiyatlarini doimiy ravishda eslatib turadigan, huquqbuzarlik va qonunbuzarlik borasida ogohlantirib, bosimni bo'shashtirmayotgan huquq tashkilotlari esa Toshkentda yangrayotgan bayonot, maqsad va va'dalarni savolga tutib, hukumatni ularni amalda isbotlashga chaqirmoqda.

Inson huquqlari kengashiga kirish tashqi dunyo u yoqda tursin, O'zbekiston xalqining o'ziga qanchalik naf keltiradi? Buni kelasi uch yil ko'rsatadi. A'zolik 2021-yilning 1-yanvaridan boshlanadi, lekin huquqqa hurmatni oshirish uchun bir soniya ham kutmaslik kerak.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Facebook Forum

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG