Isroil bosh vaziri o'z hokimiyatini kuchaytirish payida

  • Amerika Ovozi

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu koalitsiyasi keskin qarshiliklarga qaramay, 20-fevral kuni adliya sohasini isloh qilishga qaratilgan ikki qonun loyihasiga ovoz berdi. 21-fevral kuni Isroil prezidenti Isaak Xersog bosh vazir koalitsiyasini dialog va murosaga chaqirdi.

Isroil aholisi 20-fevral kuni hukumatning adliya sohasi islohotiga qarshi norozilik namoyishiga chiqdi. Minglab fuqarolar mamlakat parlamenti qarshisida namoyish o'tkazar ekan, korrupsiya ishida ayblangan Bosh vazir Benyamin Netanyahuni o'z hokimiyatini kuchaytirib, demokratiyani oyoqosti qilishga urinayotganlikda ayblamoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 21-fevral, 2023-yil

AQSh rahbari Jo Bayden Isroil hukumatini bunday islohotlardan tiyilishga chaqirib, hokimiyat taqsimoti va boshqaruvdagi muvozanat demokratiya asosi ekanini eslatdi. Ekspertlar Netanyahuning bunday pozitsiyasi mamlakatni ikkiga bo'lib qo'yayotganini bildirmoqda.

Namoyishlar ikki haftadan beri davom etayotgan bo'lsa-da, qonunchilar yangi tartib uchun ovoz bergan. Muxolif partiya vakillari islohotni adolatsiz qaror sifatida baholamoqda.

Netanyahu namoyishchilarni tanqid qilar ekan, ularning o'zi demokratik tartibga qarshi chiqayotganiga urg'u berdi:

"Xalq saylovlarda o'z ovoz berish huquqidan foydalandi, endi xalq vakillari Isroil Knessetida o'zining ovoz berish huquqidan foydalanadi. Bu demokratiya deb ataladi", - dedi bosh vazir.

Agar islohot taklifi qonunga aylansa, Knessetda ko'pchilikni tashkil etuvchi partiya Oliy sud qarorlarini bekor qilish vakolatiga ega bo'ladi.

Islohot sudyalarni tayinlash va tanlash, vazirliklarning mustaqil yurist maslahatchilarini lavozimidan olib tashlash tartibini ham o'zgartirishga qaratilgan.