YXHT: O'zbekistondagi konstitutsion referendum raqobatsiz va debatsiz kechdi

  • Amerika Ovozi

Yangi bosh qomus Prezident Shavkat Mirziyoyevga yana ikki yangi muddatga saylanish uchun zamin yaratadi

30-aprel kuni konstitutsion referendum va undan oldingi muhitni kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) O'zbekistondagi bu ovoz berish jarayonini ham adolatsiz deb baholadi.

YXHT qoshidagi Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasining 24 ekspertdan iborat missiyasi tashviqot va referendumni yaqindan ko'zdan kechirgan.

Tashkilotning e'tirof etishicha, referendumga texnik jihatdan puxta hozirlik ko'rilgan. Inson huquqlari va erkinliklari bosh qomusda kengayishi ham keng targ'ib qilingan. Biroq, deyiladi YXHT dastlabki hisobotida, samimiy siyosiy plyuralizm va raqobat yetishmagan.

"Referendum keng miqyosli islohotlarning davomi sifatida tanishtirildi va xalq bilan maslahatlashish yo'lidan borib, to'g'ri qilindi", - deya qayd etmoqda missiya.

"Lekin qator nozik masalalalar ochiq muhokama qilinmagan. Bu o'zgarishlarga nisbatan biror uyushgan muxolifat maydonga chiqa olmagan. O'zbekistonda muqobil siyosiy fikrlarga yo'l yo'q. Fundamental erkinliklar va fuqaro jamiyati uchun yo'l ochilishi kerak", - deya undamoqda YXHT.

Buni ham ko'ring O'zbekistonda 30-aprelgi referemdumda yangi konstitutsiya ma'qullandi

Missiya lideri Albert Yonsson deydiki, respublikada turfa yondashuvlar yo'qligi islohotlarga soya soladi.

“So'z erkinligi, uyushish erkinligi singari huquqlar hurmat qilinishi uchun hali ancha ishlash kerak ekan",- deydi u.

Delegatsiya targ'ibot, media jarayonni qanday yoritgani, referendumning moliyaviy jihatlari va boshqa masalalarda kamchiliklarni aniqlagan. Xulosa shuki, ommaga xolis axborot uzatilmagan. Bu borada ham ishlash kerak, deyiladi hisobotda.

Markaziy saylov komissiyasi va mahalliy bo'limlar, YXHT nazarida, betaraflikni eplay olmagan.

"Konstitutsiyaning uchdan ikki qismini yangilash taklif qilinganiga qaramay fuqaroga qismma-qism tanlash imkoniyati berilmadi",- deya tan qiladi tashkilot.

Missiya vakillari ham referendumda soxtakorlikka guvoh bo'lgan. Bu esa tizimga ishonchni pasaytiradi, deydi ular.

Tashviqot ishlariga odamlar majburan jalb etilgani, ma'muriy resurslar suiiste'mol qilingani, qolaversa, hukumat xizmatchilari va parlamentdagi partiyalarni moliyalashtirish orasidagi farq bosh qomusda mavhum ekani ham kamchiliklar deb qaralmoqda.

Buni ham ko'ring Olloqulov: Mirziyoyev keyingi saylovgacha hokimiyatda qolmaydi

Matbuotda referendum faqat ijobiy ruhda yoritilgan. Tanqidiy materiallar juda oz chiqqan. Xolislik kuzatilmagan. YXHT O'zbekistonda jurnalistlar o'zini senzura qilishini chuqur muammo deb biladi.

Missiya mamlakatda 27-martda ish boshlagan, 9-mayda yakunlaydi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo'jayev e'lon qilishicha, referendumda 19 million 722 ming 809 nafar fuqarodan 15 million 40 ming 55 nafari, ya'ni 90,21 foizi bosh qomusdagi o'zgarishlarni yoqlagan. 1,5 million nafari esa qarshi ovoz berdi. Saylov byulletenlarining 0,49 foizi haqiqiy emas, deb topilgan.

Komissiyaga ko'ra, referendum xalqaro normalar va standartlarga, shuningdek, O‘zbekiston qonunchiligiga mos ravishda o'tgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidek xalqaro kuzatuvchi organ respublikadagi biror saylov va referendumdani erkin yoki adolatli deb qayd etmagan.

Nizomxo‘jayev bu safargi ovoz berishni ham oldingizlari kabi ochiq, shaffof, demokratik tamoyillarga mos voqea, deya ta'riflagan.