AQSh va Iroq uzoq muddatli mudofaa hamkorligini o'rnatish niyatida

  • Amerika Ovozi

Qo'shma Shtatlar va Iroq o'zaro hamkorlikni "Islomiy Davlat" jangari guruhiga qarshi kurashishga qaratilgan hamkorlikdan hukumatlar darajasidagi ittifoqqa o’tish yo’lida qadamlar tashlashi kutilyapti.

Dushanba kuni Pentagonda AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin va Iroq Mudofaa vaziri Sobit Muhammad al-Abbosiy o‘rtasida ikki kunlik muzokaralar boshlandi.

Tarjimon orqali so‘zlagan Abbosiyning aytishicha, Iroq va AQSh kuchlari qo‘lga kiritgan “g‘alabalarni saqlab qolish” juda muhim bo‘lsa-da, “hozirda biz va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlar va hamkorlikni rivojlantirish eng muhimi".

AQShning Iroqda 2500 ga yaqin askari bor. Ular IShID guruhi qoldiqlarini yo’q qilishda Iroq xavfsizlik kuchlariga maslahat va yordam beradi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, 2021-yil dekabridan buyon Iroqdagi IShID a’zolari safi 1000 dan pastga tushgan. Iroqdagi jangari guruh rahbariyati ham Iroq kuchlari tomonidan zaifashtirilgan.

Buni ham ko'ring AQShning Yaqin Sharqdagi ishtiroki qisqarib boryaptimi?

AQSh rasmiylariga ko'ra, yil davomida Iroqdagi IShID hujumlari 64 foizga kamaygan va sodir etilgan hujumlarning halokat ko’lami ham ancha kichraygan.

AQShning Iroqdagi roli kelajakda qanday bo'lishi hali aniq emas. IShIDga qarshi barqaror muvaffaqiyat Vashingtonning Iroq bilan munosabatlarini AQShning mintaqadagi boshqa sherikliklari bilan olib boradigan hamkorlikka yaqin darajaga olib chiqishi mumkin.

"Biz strategik sheriklik doirasidagi mustahkam mudofaa munosabatlaridan manfaatdormiz", - dedi AQSh Mudofaa vazirining Yaqin Sharq bo’yicha yordamchisi o’rinbosari Dana Strol.

AQSh Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, bu Iroq iqtisodiyotiga ko'proq e'tibor qaratishni o'z ichiga oladi.

Buni ham ko'ring Bag'dod Turkiyani Iroqdan askarlarini olib chiqishga chaqirdi

"Biz energetika bo'yicha hamkorlikni kengaytirishni, xususan, iroqliklarga o'zlarining energetika sektorida o'zini-o'zi ta'minlash darajasini oshirishga yordam berishda davom etishni xohlaymiz", - dedi AQSh Davlat departamentining o’z ismi oshkor qilinishini istamagan rasmiysi.

AQSh rasmiylarining aytishicha, Iroq korrupsiyaga qarshi kurashda ham muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Shunday bo'lsa-da, IShID tahdidi hanuz dolzarb muammoligicha qolmoqda.

"Men hali ham IShIDning qayta paydo bo'lishini jiddiy xavf deb hisoblayman", - deydi AQSh va Iroq muzokaralari oldidan general-mayor Metyu Makfarleyn.

Iroq kuchlari IShIDga qarshi operatsiyalarning izchil sur'atini saqlab qolishga muvaffaq bo'lgan bo'lsa-da, IShID nishonlarini topish va yo'q qilish uchun dronlar va kuzatuv samolyotlaridan foydalanish kabi yo’nalishlarda hali qilinadigan ishlar bor.

"Biz, albatta, hozir ular bilan platformalarni optimallashtirish va ularni amaliyotga integratsiya qilish uchun ishlayapmiz", - dedi Makfarleyn.

AQSh Mudofaa vazirligi bosh inspektorining shu oy boshida e'lon qilingan hisobotiga ko’ra, Iroqning yetakchi aksilterror xizmati "2018-yil noyabridan beri birorta ham yangi askar yollamagan".

AQSh rasmiylariga ko'ra, Iroq kuchlarini IShID va terrorizmga qarshi kurash doirasidan tashqarida xavfsizlik muammolarini o'z zimmasiga olishga tayyorlash uchun ham ish olib borish kerak.