Kiyevda turk qalqonlari ko’rgazmasi

Kiyev, Ukraina, 21-noyabr, 2023

Ukrainaning mashhur tasviriy san´at muzeyida asli o’zbekistonlik qrim-tatar rassomi Rustem Skibinning ko’rgazmasi o’tmoqda. Ko’rgazma “Qalqon” deb nomlangan.

Urush ichidagi Ukraina, ukrainaliklar ayni paytda qalqonga, mustahkam mudofaaga o’ta muhtoj.

San’at sirlarini Samarqandda o’rgangan, keyinchalik buni o´z tarixiy vatani Qrimda davom ettirgan, Rossiya bosqini ortidan faoliyatini Kiyevga ko’chirishga majbur qolgan Rustem Skibin turkiy qurol-yarog’, qalqonlar va ulardagi bezaklar tarixini tadqiq qilgan.

Ko’rgazmada qadimgi qalqonlarda ishlatilgan turli bezak, tamg’a, belgilarni ko’rish mumkin. Ko´rgazma markazida qadimgi turklarning harbiy yurishlarida ko’tariladigan tug´ o’rnatilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Kiyevda o'zbekistonlik rassom asarlari namoyishda

“Qalqon” - yig’ma obraz. Buning ustida rassomimiz Rustem Skibin bilan birga tarixchilar, san’atshunoslar ham ishlashdi. Qalqonda qadim qurollardagi bezaklar ham aks ettirilgan. Rustem bularni keramikada ishlagan. Bugun Ukraina Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan bir paytda bu ko’rgazmaning ahamiyati yanada muhim. Qalqon bu jangchining , vatan mudofaasining ramzi hisoblanadi", - deydi ko’rgazma haqida qrim-tatar faollaridan biri Erfan Quddusov.

Buni ham ko'ring Urush ostidagi Ukraina madaniy yodgorliklari

“Menga tamg´a ramzi tushirilgan qalqon juda yoqdi, nafaqat ranglar uyg’unligi bilan, balki qrim-tatar xalqining ramzi ekanligi bilan ham. Umuman rassomning tarixiy qo’lyozmalardagi qalqonlarini hozirgi zamonga moslab bu qadar ifodalagani juda hayratlanarli”, - deydi ko´rgazmaga kelgan kiyevliklardan biri.

Rustem Skibinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, u qadimgi turklarning qurol aslahasi tarixi bo’yicha davomli asralar yaratishni rejalagan.

Ayni paytda u tarixiy qo’lyozmalarni o’rganib, ma´lumotlar to´plamoqda. Skibinning ilk ko’rgazmasi katta qiziqish bilan kutib olingan.