O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginovni chaqirib, unga rus siyosatchilarining xavotirli takliflari yuzasidan qat'iy norozilik bildirgan.
Tashqi ishlar vazirligiiga ko'ra, Rossiya elchisiga “Rossiya segodnya” matbuot-markazida o‘tgan anjumanda “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” partiyasi yetakchilaridan biri Zaxar Prilepinning O‘zbekiston hududini Rossiyaga qo‘shib olish zarur, degan gaplari chuqur tashvish hissi bilan qabul qilingan.
"Rossiya Federatsiyasi kabi do‘st mamlakat partiya rahbarlarining bunday o‘ylamay bildirayotgan munosabatlari, afsuski, O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhiga mos kelmasligi ma’lum qilindi", - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
"Rossiya ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgan bu kabi bayonotlar ataylab provokatsion ruhda bo‘lib, xalqlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan tarixiy do‘stona munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin".
Vazirlikning qayd etishicha, elchi Malginov Prilepinning so'zlari Rossiya rahbariyatining "do‘st va mustaqil O‘zbekiston to‘g‘risidagi rasmiy pozitsiyasiga umuman aloqasi yo‘qligini ta’kidladi".
Elchi "O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligi uning mamlakatida hech qachon shubhaga olinmagan"ligini bildirgan.
O'zbekiston ommasi, jumladan qonunchilar va faollar Prilepinni shovinizm va provokatsiyada ayblab, Kremlni unga nisbatan jiddiy chora ko'rishga chaqirmoqda.
Prilepin fikricha, migrantlar bilan bog'liq masalalarni uzil-kesil hal qilish uchun O'zbekiston kabi ko'p ishchi keladigan respublikani Rossiyaga qo'shib olish kerak.
"Rus siyosatchilarining bunday qarashlari, shubhasizki, o‘zbekistonliklar orasida Rossiya Federatsiyasiga salbiy munosabatni kuchaytirmoqda",- deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a'zosi Bobur Bekmurodov.
"Prilepin va boshqa rus siyosatchilari ilgari surayotgan bunday qarashlar illyuziyadan boshqa narsa emas. Kimgadir yoqadimi, yoqmaydimi, O‘zbekiston mustaqil, mustahkam suverenitetga ega mamlakatdir", deya yozdi deputat Bekmurodov o'zining Telegram kanalida.
Prilepinning bu gaplari, Bekmurodov tahlilicha, Rossiya va O'zbekiston qonunlariga zid.
Oliy Majlisning sobiq deputati Rasul Kusherboyev ijtimoiy tarmoqdagi chiqishida Putin rejimining Markaziy Osiyoga tahdidi tobora ortib borayotganini, mintaqani o’z tasarrufiga qaytarish Rossiya uchun strategik rejaga aylanib borayotgani haqida yozdi.
Kusherboyev, shuningdek, mojaro yuzasidan bir kundan oshiq sukut saqlagan rasmiy Toshkentni dadillikka chaqiradi:
“Darvoqe, Shimoliy Koreyani raketa uchirganidan tashvishga tushadigan Tashqi ishlar vazirligimiz hech bo‘lmasa hozir uyg‘onib, bu bo‘yicha rasmiy Nota yuborishi kerak”.
Prilepinning bayonoti ijtimoiy tarmoqda Rossiyaga nisbatan qanday javob berish kerakligini ham muhokamaga chiqargani kuzatiladi.
Jumladan, Rossiya bilan atom stansiyasi qurilishi haqidagi bitimni bekor qilish, Rossiya OAV O´zbekistonda taqiqlash, rus tilini cheklash kabi chaqiriqlarni kuzatish mumkin.
Buni ham ko'ring Prilepin so'zlari ketidan Mirziyoyev "bosim" haqida gapirdi