Sun'iy intellekt jurnalistikaga madad

  • Amerika Ovozi

Mutaxassislarga ko'ra, sun'iy idrok ayniqsa surishtiruvlarda qo'l keladi, kichik media tashkilotlarga madad bo'ladi

Isroilning G'azoga hujumlarini yoritishda "The New York Times" gazetasi sun'iy intellektga tayanmoqda. Mutaxassislarga ko'ra, sun'iy idrok ayniqsa izlanishda qo'l keladi.

Sun'iy yo'ldosh olgan tasvirlarni o'rganar ekan, jurnalistlar bu texnologiya yordamida qator detallarni aniqlagan, jumladan bombalar qayerga tushgani va aholiga qanchalik zarar yetganini.

Katta miqdordagi ma'lumotlarni elakdan o'tkazishda va muhim aspektlarni farqlashda sun'iy idrokning roli muhim. Muxbirlar va kameralar har yerga yeta olmaydi, yetsangiz ham holatni bu qadar yaqindan tekshira olmaysiz.

Bu texnologiya ayniqsa kichik muharririyatlarga madadkor, chunki bir necha odam kunlab qiladigan ishni bu texnologiya bir pasda bajaradi va bergan ma'lumoti ishonchli.

Surishtiruv har qanday mediaga qimmatga tushadi - qo'shimcha resurslar, vaqt va mehnat talab qiladi. Aynan shu sabab axborot vositalari dolzarb masalalarni chuqur yorita olmaydi.

Buni ham ko'ring Sun'yi intellekt jurnalistikaga zararmi?

Jared Schreder Missuri universitetining jurnalistika fakultetida yangi texnologiyadan dars beradi. Sun'iy yo'ldoshdan keladigan ma'lumotni tekshirish uchun katta jamoa kerak, turli ko'nikmalarga ega mutaxassislar zarur, deydi u.

“Bombalar aynan qachon qayerga tushib, qancha zarar keltirganini suratga qarab bilish bu texnologiyasiz ilojsiz. Sun'iy intellekt sizga buni bir zumda aniq bilib beradi", - deydi Shreder.

"Open AI", sun'iy idrok tadqiqoti bilan mashg'ul tashkilotning ChatGPT dasturi jurnalistlar va umuman media olamini ruhlantirgan, shuningdek, o'ylantirib qo'ygan. Undan qay tarzda foydalanish muhokamada.

Kolumbiya universitetida jurnalistika professori Jonatan Soma deydiki, sun'iy intellekt anchadan beri tajriba ostida.

2018-yilda bu texnologiya vositasida jurnalistlar Ukrainada minglab odamlar noqonuniy tarzda qahrabo qaziganini fosh etgan.

“Oldinlari bir necha qismdan iborat bo'lgan darslarni hozir 10-15 minutda o'rgataman", - deydi Soma, sun'iy idrokdan foydalanish sirlari haqida so'zlar ekan.

Buni ham ko'ring Izlanish: Sun'iy intellekt jurnalistlarni nishonga olishni osonlashtiradi

2016-yilda "Panama qog'ozlari" deya tanilgan global miqyosdagi jinoiy harakatlarni oshkor etishda ham bu texnologiya qo'l kelgan.

"LiveScience" degan ilmiy tashkilot jurnalistlarning qo'liga tushgan hujjatlarni analiz qilish uchun "vektor ma'lumot manbai" degan mexanizmdan foydalangan.

Sun'iy idrok kichik mediani professional jihatdan kuchaytirishi, katta medialarni xodim soni jihatdan kichraytirishi mumkin.

Qator xalqaro axborot vositalariga ishlagan Deyvid Kasvell hozirda jurnalistlarga sun'iy idrokdan saboq beradi. Uning tushuntirishicha, endilikda ish osonlashadi, masalan, politsiya hujjatlarini o'rganish.

Biroq inson qiladigan qator ishlarni, uning o'ziga xos mehnatini bu texnologiya bajarishga qodir emas. Xususan jurnalist iste'dodi bilan tenglasha olmaydi.

“Jurnalisika muloqot talab qiladi, intervyular va ta'sirchan materiallar”,- deydi Kolumbiya universitetidan professor Soma.

“Qay axborotni qachon qanday berishni jurnalistlar hal qiladi. Sun'iy intellekt ularning faoliyatini osonlashtiradi, lekin bu sohani egallay olmaydi", - deydi u.

Boshqa ekspertlar ham shunday fikrda. Ilg'or texnologiya mediani hamisha yangilab kelgan, ammo hatto sun'y intellekt ham jurnalistika va axborot olamini fundamental jihatdan o'zgartirmaydi.