IShID AQShga tahdid solish qudratiga egami?

  • Amerika Ovozi

Rossiyadagi terror xuruji ortidan IShID guruhi tarafdorlarining Yevropaga qarshi bir qator onlayn tahdidlarni e’lon qilishi AQShda xavfsizlikka doir xavotirlarni oshirmoqda.

Milliy xavfsizlik va huquq-tartibot idoralari xodimlari dunyo boʻylab terrorchilik rejalaridan ilhomlangan kichik guruhlar yoki shaxslar AQShda ham shunday xurujlarni rejalashi mumkinligi haqida tashvishda. Federal Qidiruv Byurosi (FQB) direktori Kristofer Rey qonunchilar bilan muloqotda xavf bundan ham yuqoriroq bo’lishi mumkinligini aytdi.

Your browser doesn’t support HTML5

Jihodga odam yollash haqida hujjatli film

"Bir necha hafta oldin biz Rossiya konsert zalida ko'rgan “IShID-Xuroson” hujumiga o'xshash muvofiqlashtirilgan hujum ehtimoli vatanimizda tobora ortib bormoqda”, - dedi Rey.

Bir necha kun oldin "Islomiy davlat" yoki "IShID" deb nomlanuvchi guruh shu hafta Madrid, London va Parijda Chempionlar ligasi o'yinlari o'tkaziladigan stadionlarga hujum qilish haqida chaqiriqlarni e'lon qildi. Shundan so’ng Yevropa bo'ylab politsiya idoralari xavfsizlikni kuchaytirdi.

AQShning harbiy va razvedka idoralari ma’lumotiga ko’ra, IShID hujumlar uyushtirish niyatida bo‘lsa-da, u va unga aloqador guruhlar AQSh ichiga kira olish imkoniga egaligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.

Buni ham ko'ring "IShID-Xuroson" o'z ta'sir doirasini kengaytirmoqdami?

Xorijdagi AQSh nishonlariga nisbatan ham tahdidlar yangragan.

"IShID-Xuroson olti oy ichida va hech qanday ogohlantirishsiz xorijda AQSh va G'arb manfaatlariga hujum qilish qobiliyatini qo’lga kirita oladi", - deydi AQShning Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodagi kuchlari qo'mondoni general Maykl Kurilla.

Hozircha AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi amerikaliklarni ehtiyot bo'lishga chaqirmoqda.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda vazirlik vakili Yevropaning turli joylarida AQSh manfaatlariga nisbatan tahdidlar kuchayganini tasdiqladi.

"Ichki xavfsizlik vazirligi tahdid muhitini baholash, Amerika jamoatchiligiga yangilanishlarni taqdim etish va vatanimizni himoya qilish uchun hamkorlarimiz bilan ishlashda davom etmoqda, - deya qo'shimcha qildi u - Biz jamoatchilikni hushyor bo'lishga va shubhali harakatlar haqida mahalliy huquqni muhofaza qilish organlariga zudlik bilan xabar berishga chaqiramiz".