AQSh Pokistondagi Al-Qoida manziliga hujum qilishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar terrorizmga qarshi kurashda Pokiston bilan hamkorlik qilish tarafdori va Pokiston suverenitetiga tajovuz qilish fikridan yiroq.

Shu bilan birga, deydi Davlat kotibi o’rinbosari Nikolas Byorns, vaziyat talab etsa, AQSh Pokiston-Afg’oniston chegarasidagi Al-Qoida jangarilariga qarshi harbiy chora ko’rishga majbur bo’ladi.

AQSh Davlat kotibi o’rinbosari Nikolas Byorns rasmiy Islomobodni tinchlantirishga harakat qilmoqda.

“Pokiston mustaqil, suveren davlat. Pokiston qo’shini jangarilarga qarshi kurashmoqda. Biz buni tan olamiz. Qo’shma Shtatlar terrorga qarshi urushni Pokiston bilan hamkorlikda olib borish tarafdori”, - deydi Nikolas Byorns.

Biroq, deydi u, Pokiston-Afg’oniston chegarasida o’rnashib olgan Al-Qoida guruhini nishonga olish zarurati yuzaga kelishi ehtimoldan holi emas. Al-Qoida va Osama Ben Laden yashiringan manzil haqida aniq ma’lumot olgani zahoti AQSh tashabbusni qo’lga olishi aniq, deydi davlat kotibi o’rinbosari.

Prezident Bushning ichki xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Fren Taunsend “AQSh Pokistondagi Al-Qoida jangarilariga qarshi harbiy chora qo’llashi mumkin” degan edi. Bu bayonot Pokiston Tashqi ishlar vazirligining keskin e’tiroziga sabab bo’lgan.

Nikolas Byornsning aytishicha, Oq Uy Pokistondagi notinch hududlarda ta’lim, sog’liqni saqlash va iqtisodiy sharoitni yaxshilash maqsadida Kongressdan 750 million dollar so’ramoqda.