Suv taqchilligi O'zbekistonda hosildorlikni pasaytirishi mumkin

Markaziy Osiyoda suv taqchilligi kelasi yillarda qator yangi muammolar tug’dirishi va bugun yechimini kutayotgan masalalarni yanada murakkablashtirishi tayin.

O`zbekistonda ekinlarni, jumladan g`alla va g'o'zani sug`orish mavsumi boshlangan. Dehqonlar qurg'oqchilik hosildorlikni kamaytirishi mumkin deydi.

Jamoatchi faollarning aytishicha suv yetishmovchiligi Farg'ona vodiysida qator noroziliklarga sabab bo`lgan.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi rais o`rinbosari Po`lat Oxun nazarida suv talashish salbiy oqibatlarga yetaklaydi.

“Andijon viloyatidagi fermer xo`jaliklaridan ham kechki payt suvni dalasiga ochib, suv yetib borguncha uni boshqa fermer ochib ketayotgani va bu orqali turli janjallar chiqayotgani muammoga aylanib bormoqda. Suvsizlik sabab g`o`za yaxshi emas deyishayapti. Demak, hosildorlik xavf ostida. Qoradaryo va Norin daryosida suv juda kam. Hali endi may oyi. Sug`orish mavsumi endi boshlanayapti. Yozga borib qishloq xo'jaligida juda katta inqiroz kuzatilishi mumkin”,- deydi Po`lat Oxun.

Sirdaryolik huquq himoyachisi Isroil Rizayevning aytishicha esa viloyat yerlariga ekilgan g`alla yaxshi rivojlanmagan.

“Fermerlarning ko`pi hozir nasos orqali sug`oryapti. Xo'jaliklarga suv navbat bilan berilayapti. Odamlar talashib tortishib, o`z tomorqalarini sug'orib olishyapti”, - deydi Rizayev.

Sirdaryoda suv sathi ancha yillardan buyon kuzatilmagan darajada pasaygan.

“Baliqchilik bilan shug'ullanayotgan yigitlar ham aytishayaptiki, yaqin yillarda daryoning suvi bunchalik pastga tushmagan ”, - deydi u.

O`zbekistonda bu yil qish o`ta qattiq keldi. Qor ko'p yog'di. Biroq bahorda yog`ingarchilik kuzatilmagani dehqonchilik uchun ancha zararli bo`lgan.

Ayrim mutaxasislar qahraton qish oqibatidagi sersuvlik yoz oylariga bo`rib o`zini ko`rsatishi mumkin degan fikrda. Biroq ungacha suvsizlik ekinlarni yo`qqa chiqarishi ham mumkin.

Birinchi o`rinda bu yozda o`rimga tayyor bo`lishi lozim g`alla hosildorligiga ta`sir qilishi mumkin. Sharhlovchilarga ko`ra ahvol ancha tahlikali.

“Qirg`iziston hukumati bilan hamkorlikda vodiyni suv bilan ta`minlashda aniq harakatlar bo`lmasa, bu juda katta inqirozga olib kelishi mumkin. Qirg`iziston hukumati ham qayta zarba berayapti. Gaz masalasida siz aytgan tarzda to`ladik, endi suv masalasida biz aytganimizni qilasiz deyapti. Odamlar Qirg`ziston suv bermayapti deyapti. U yerdan yetarli suv kelmayapti. O`zbekiston zaxiralarida suv yo`q”, - deydi Po`lat Oxun.

Mintaqada davlatlari o`rtasida suv zaxirasidan foydalanish bo`yicha aniq bir kelishuv yo`q.

Mintaqa suv zaxiralaridan foydalanish bo`yicha, deydi mutaxassislar, O`zbekiston pozitsiyasi shuki, suv umumiy va undan foydalanganlik uchun haq to`lanmasligi kerak.

Qo`shni davlatlar energetik bosimdan qutilish va elektr tokini o`zlarida ishlab chiqarish va uning eksportini yo`lga qo`yish uchun yangi gidrostansiyalar qurishni rejalagan.