Afg’oniston: Saylovda xavfsizlik qanchalik ta’minlangan?

  • Amerika Ovozi
Afg’onistonda kelayotgan shanba prezident saylovlari. Fuqarolar, shuningdek, mahalliy kengashlarga ham yangi a’zolar saylaydi. Xavfsizlikni ta’minlash uchun mamlakat bo’ylab 300 ming sonli qo’shin safarbar etilgan.

Your browser doesn’t support HTML5

Afg’oniston: Saylovda xavfsizlik qanchalik ta’minlangan?/Shohruh Hamro


Poytaxt ko’chalari va shaharga kirish-chiqish qattiq nazorat qilinyapti. Shunga qaramasdan, jangarilar hujumlarga zo’r bermoqda.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi general Muhammad Zohir Azimiy saylov osuda o’tishi uchun barcha zarur choralar ko’rilganini aytadi.

“Dushman baribir o’z kuchini ko’rsatishga harakat qiladi. Suiqasd xurujlari, portlashlar ehtimoldan xoli emas. Lekin ularni to’xtatish uchun yetarli salohiyatga egamiz”, - deydi rasmiy.

“Maxsus kuchlarimiz ham har qanday favqulodda vaziyatlarga javob berishga shay turibdi. Kerak bo’lsa, tung reydlar ham o’tkazamiz”.

Qizig’i, minglab fuqaro qatnashgan siyosiy yig’inlar, nomzodlar bilan uchrashuvlar nisbatan tinch o’tdi. Jangarilar nishonida asosan politsiyachilar, saylov mutasaddilari, mahalliy nomzodlar hamda chet elliklar.

Hoji Asad singari fuqarolar saylovda o’z istagini bildirishga hozir.

“Biz afg’onlar xavfsizlikni o’zimiz uddalashimiz kerak. Qanchalik qo’rqitishmasin, baribir ovoz berishga chiqamiz”, - deydi u.

Hoji Qais esa tavakkal qilmasligini aytadi:

“Faqatgina partiya a’zolari ovoz berishga boradi, o’shandayam qo’rquv bilan. Nima qilamiz hayotimizni xavf ostiga qo’yib? Kobul xavfsiz emas, chekka viloyatlarni gapirmasa ham bo’ladi”.

Huquq-tartibot organlari hammasi joyida deydi. Afg’oniston Havo kuchlari generali Muhammad Davron ham shu singari bayonot bilan xalqqa murojaat qildi.

“Saylov paytida havo kuchlari barcha viloyatlarda tayyor turadi – Kobul, Hirot, Mozori Sharif, Hilmand va boshqa joylarda. Favqulodda vaziyatda maxsus kuchlar tezda yetib keladi”, - deydi qo’mondon.

Tolibon ovoz berishga chiqsangiz, o’ldiramiz, deb qayta-qayta ogohlantirmoqda. Kobulda odatda chet elliklar qatnaydigan restoran va kafelar yopiq.