Karzay: Afg'on razvedka boshlig'iga hujum Pokistondan rejalangan

  • Amerika Ovozi

Hamid Karzay

Your browser doesn’t support HTML5

"Amerika Ovozi" xabarlari, 8-dekabr, 2012


KOBUL SO'ZI

Afg’oniston rahbari Hamid Karzay fikricha bu davlat razvedka agentligi direktori Asadulla Xolid yaralangan hujum Pokistonda uyushtirilgan. Islomobod hali munosabat bildirmagan.

Xuruj ikki kun oldin Kobuldagi mehmonxonada ro’y bergan. O’zini tinchlik elchisi deb tanishtirgan shaxs bir zumda portlagan.

Sal o’tmay Tolibon “bu bizning odam edi” deya e’lon qildi va hujum uning ishi ekanini tan oldi.

Qattiq jarohatlangan Asadulla Xolid ayni damda AQShning Bagrom aviabazasidagi gospitalda.

U razvedka agentligini shu yilning sentabr oyidan beri boshqarib kelgan. Tolibonni yo’qotish – asosiy maqsad, deya belgilgan edi u.

Asadulla Xolid avval Qandahor viloyati hokimi edi. Shuningdek, qabila va chegara masalalari bo’yicha vazir sifatida ham xizmat qilgan.

Jangarilar bilan muzokaralar, ular bilan olishuvlarda muhim rol o’ynab keladi va prezident Karzay eng ishongan arboblardan.

Inson huquqlari tashkilotlari esa Asadulla Xolidni fuqarolarga qarshi vahshiy jinoyatlarda ayblaydi. Rasmiy bu yolg’on deydi. Lekin faollar isbot-dalil yetarli deya hukumatdan unga qarshi tergov ishi ochishni talab qilib keladi.

AL-QOIDA LIDERI YO'Q QILINGAN

Pokiston hukumatining bildirishicha, AQSh qiruvchi samolyoti mamlakat shimoli-g’arbida, jangarilar faol bo’lgan tog’li mintaqada al-Qoida liderini o’ldirgan.

Abu Zayd ismli bu shaxs, deydi Pokiston rasmiylari, terror guruhining eng ko’zga ko’ringan yetakchilaridan.

Odatda Islomobod Amerikaning uchuvchisiz qiruvchi vositalari uning hududida operatsiyalar olib borayotganini qoralaydi.

Biroq, deydi AQSh diplomatlari, bunday havo hujumlari terroristlarga qarshi eng samarali harakat.