Afg'onistonda yana avtobus yo'lovchilari o'g'irlandi

  • Amerika Ovozi

Odam o'g'irlanishiga qarshi Kobulda o'tkazilgan namoyish

Bugun ertalab Afg'onistonning Qunduz viloyatida avtobusdagi 50 ga yaqin yo'lovchi o'g'irlab ketilgan.

Viloyat politsiyasi rahbari general Muhammad Qosim Jangalbog'ning aytishicha, avtobusda 47 yo'lovchi bo'lgan. Xavfsizlik kuchlari ularning ayrimlarini qutqarishga muvaffaq bo'lgan. Ayni paytda qolganlarini topish va ozod qilish amaliyoti davom etmoqda.

Hozircha o'g'irlik uchun mas'uliyatni hech kim zimmasiga olgani yo'q.

O'tgan to'qqiz kun ichida Afg'onistonda uchinchi bor ko'p miqdorda odamlar o'girlanishi. Ularning barchasi shimoliy Afg'onistonda, ikkitasi Qunduzda yuz bergan.

O'tgan hafta Tolibon vakillari yo'lovchi transportlarini to'xtatib, 200 tacha odamni o'g'irlashga uringan edi. Hodisada o'ndan ortiq odam isyonchilar o'qidan o'lgan. Ayni paytda 10 tacha yo'lovchi guruh qo'lida ekani aytiladi.

Sari Pul viloyatida yuz bergan ikkinchi hodisada mahalliy oqsoqollar aralashib, 17 odamni ozod qilgan.

BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasi odam o'g'irlash hollari ko'paygani yuzasidan xavotir bildirdi. Missiya yetakchisi Nikolas Heyson javobgar tomonlarni bunday "dahshatli amaliyot"ga chek qo'yishga chaqirdi.