Afg’on askari amerikalik zobitni o’ldirdi

  • Amerika Ovozi

NATO hujumlarni uzoq yillar to’plangan og’riq-stress, ruhiy toliqish bilan izohlaydi

Afg’onistonning Qandahor viloyatida mahalliy askar amerikalik zobitni otib o’ldirgan. Afg’on harbiysi otishma boshlagani zahoti koalitsiya javobidan o’zi ham o’q yeb o’lgan. Ikki davlat rasmiylari voqeani tergov qilmoqda. Kechagi portlashda NATO yana uch askarini qo’ldan boy bergan. Bari amerikalik ekani taxmin qilinmoqda.

Pokiston, Xitoy va Tojikistonni ulovchi Badaxshon viloyatida esa chorshanba kuni Tolibon politsiya postiga hujum qilib, to’rt politsiyachisi o’ldirgan. 16 askarni garovga olgan.

2007-yilda beri afg’on zobitlari qo’lidan NATOning kamida 80 askari jon bergan. Koalitsiya bu hamlalarni mahalliy qurolli kuchlari safida toliqish, uzoq yillar to’plangan og’riq-stress bilan izohlaydi.

10 yildan oshiq davom etayotgan urush

Afg’oniston, Pokiston va Amerika rahbariyati Tolibon bilan muzokarani jonlantirish harakatida. AQShning mintaqadagi maxsus elchisi Mark Grossman bugun Islomobodda Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Javod Ludin va Pokiston Tashqi ishlar vaziri Jalil Abbos Jilaniy bilan ko’rishgan.

Murosaga ko’ngan toliblar xavfsizligi ta’minlanadi, deydi ular. Biroq avval jangarilar al-Qoida bilan aloqani uzib, qurolni tashlab, Afg’oniston konstitutsiyasini hurmat qilishi lozim. Sal avval tomonlar Qatarda muloqot boshlagan edi, lekin Karzay ma’muriyati bilan gaplashish, mahbuslarni ozod qilish kabilar ustida kelishmay, muzokara to’xtab qolgan edi.