AQSh terrorga qarshi kurash strategiyasini o'zgartirmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh keskin tanqid ostida - Drones, HRW & Amnesty International

AQSh yaqinda Somali va Liviyada terror guruhlariga qarshi reydlar o’tkazdi. Somalida al-Shabab yetakchilaridan birini qo’lga olishga urinilgan bo’lsa, Liviyada 15 yil muqaddam Keniya hamda Tanzaniyadagi AQSh elchixonalarini portlatishda ayblangan al-Qoida vakili hibsga olindi. Tahlilchilar AQShning terrorga qarshi kurash strategiyasi o’zgarayotgani haqida gapirmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning terrorga qarshi kurash strategiyasi, Behzod Muhammadiy

Tahlilchilar fikricha, AQShning terrorga qarshi kurash usullari o’zgarmoqda. Ilgari uchuvchisiz uchadigan qiruvchi samolyot - dronlar yordamida terrorchlarni jismonan mahv etish maqsad qilingan bo’lsa, endi ularni tiriklayin qo’lga olishga urg’u berilmoqda. Liviyada hibsga olingan al-Qoida a’zosi Abu Anas al-Libiy hozir tergov uchun AQShga keltirilgan.

RAND korporatsiyasi tahlilchisi Enjel Rabasa Afrikadagi radikalizm xavfini o’rganadi. Uning aytishicha, terrorchlarni tirik qo’lga tushirishning ahamiyati oshib bormoqda. Masalan, Indoneziyada al-Jamoa Islomiya qurolli guruhidan kelgan xavf ana shunday uslub bilan bartaraf etildi, deydi u.

“Indoneziya politsiyasi yetakchilarini qo’lga olib, guruhni bo’lib tashlashga muvaffaq bo’ldi. Ularning aytishicha, kerakli ma’lumotlarning 90 foizini hibsga olingan odamlardan olishgan. AQShning dronlardan foydalanishi salbiy oqibatlarga olib kelayotgan edi. Terrorchilarni o’ldirgan bilan muhim ma’lumotlarni qo’lga kirita olmaysiz”, - deydi u.

Ayrim tahlilchilarning aytishicha, Afg’oniston va Indoneziyadan o’rganilgan saboqlar shuni ko’rsatyaptiki, AQSh harbiylarining to’g’ridan to’g’ri aralashuvi, jumladan, urush hududlariga askar jo’natishi mahalliy aholi orasida ekstremist kuchlarga xayrixohlikning oshishiga sabab bo’lmoqda. Ayniqsa, musulmon o’lkalarda.
RAND korporatsiyasining yana bir tahlilchisi Linda Robinsonga ko’ra, AQSh kurashning muqobil yo’llarini topishi kerak. Masalan, Vashington terrorni yo’qotish bo’yicha hamfikr bo’lgan boshqa davlatlar bilan bu borada hamkorlik qilishi mumkin, deydi u.

“Bunday hamkorlik AQShning mudofaa va xavfsizlik kuchlari uchun qator imkoniyatlar yaratadi. Ular havo razvedkasi maslasida to’g’ridan to’g’ri yordam ko’rsatishlari yoki birgalikda razvedka ma’lumotlarini to’plashlari mumkin. Dushmanlarga hujumni mezbon davlat yoki birgalikdagi kuchlar amalga oshirishi mumkin. Terrorchilarni yo’q qilishni esa u davlatning o’zi ijro etadi. Yoki mahalliy kuchlarni faqat tayyorgarlikdan o’tkazish ishlarida qatnashish mumkin”, - deydi tahlilchi Robinson.

AQSh amalga oshirishi lozim bo’lgan eng muhim vazifa - mahalliy islomchi kuchlarning G’arbga qarshi urush ochgan global terrorchi guruhlar bilan aloqa o’rnatishiga yo’l qo’ymaslikdir, deydi kuzatuvchilar.

Enjel Rabasaning aytishicha, Fillippindagi Moro Islomiy ozodlik fronti Indoneziyadagi radikal guruh bilan aloqani uzgan. Bu qaror 2001-yil al-Qoidaning Nyu-York va Vashington shaharlariga hujum uyushtirishi ortidan e’lon qilingan edi.

“11-sentabr voqealaridan oldin Filippindagi guruh Janubi-sharqiy Osiyodagi al-Qoidaga aloqador Jamia Islomiya guruhi bilan hamkorlik qilardi. Hatto Mindanao orolida ular birgalikda harbiy lagerlar ochgan. Ammo 11-sentabr voqealaridan keyin Moro Islomiy ozodlik fronti yetakchilari al-Qoida bilan hamkorlik qilish va AQShga muxolif bo’lish ularing manfaatlariga mos emasligini e’lon qildi va guruh bilan aloqani uzdi”, - deydi u.

Rabasaga ko’ra, hozir barcha mahalliy jihodchi guruhlar al-Qoida bilan hamkorlik qilish masalasini qayta ko’rib chiqmoqda. Ularning global terror tashkiloti bilan aloqani butunlay uzishi mintaqada AQSh va ittifoqchilarining terrorga qarshi qanday kurash olib borishiga bog’liq, deydi u.