Aviakompaniyalar yangi qoidalar joriy etmoqda  

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShning yetakchi aviakompaniyalari yo’lovchilardan parvoz paytida niqob taqishni talab qilmoqda. Vaqtinchalik chora sifatida samolyotlarda o’rta o’rindiqlar ham bo’sh saqlanadi. Maqsad imkon boricha yo’lovchilarni bir-biridan uzoqlashtirish.

AQShda endi samolyotga chiqish uchun aksar hollarda yo’lovchilardan niqob taqish talab qilinadi. Ayrim aviakompaniyalar niqoblar va antiseptik vositalarni parvoz oldidan bepul tarqatishga qaror qildi.

“Frontier” kompaniyasi rahbari Berri Biflning aytishicha, kabinalar virusni o’ldiradigan vositalar bilan muntazam tozalanyapti.

“Yo’lovchilar parvoz oldidan sog’ligi haqida anketa to’ldiradi. 8-maydan esa samolyotda niqob taqish majburiy”, - deydi u.

Uchuvchilar uyushmasi sobiq xodimi kapitan Jon Koks bu qadamlarni olqishlaydi.

“Aviakompaniyalar ikki narsaga e’tibor qaratmoqda. Birinchisi, yo’lovchi xavfsizligini oshirish. Ikkinchisi, salomatlik va xavfsizlikka jiddiy yondashilayotganini ko’rsatish”, - deydi Koks.

Koronavirus tarqalganidan beri aviareyslar deyarli bo’sh edi. Biroq so’nggi payt ijtimoiy tarmoqlarda gavjum samolyotlar, niqob taqmagan va ijtimoiy masofa qoidalariga rioya qilmayotgan yo’lovchilar ko’rsatilgan videolar paydo bo’ldi.

“Men uchgan samolyot odamga to’la, bo’sh joy qolmagan edi. Kimdir aksirsa, hammamiz kasal bo’lardik”, - deydi Prinses Jonson.

Mayk Ritchi parvozidan mamnun.

“Odam kam edi. Samolyot tez ko’tarilib, tez qo’ndi. Bir-birimizdan masofa saqlab joylashdik. Zarurat bo’lsa, yana uchaman”, - deydi u.

“Southwest” aviakompaniyasi samolyotlarini viruslarni darhol o’ldiradigan elektrostatik dezinfeksiyalash usulida tozalamoqda.

Ayrim kompaniyalar qisqa parvozlarda yengil ovqat va ichimlik berishni to’xtatdi. Shuningdek, o’rta o’rindiqlar bo’sh saqlanmoqda.

Boshqa kompaniyalarning bildirishicha esa yo’lovchilarning niqob taqishi kifoya. "Frontier” samolyotlarida o’rta o’rindiq bo’sh qolishi uchun 39 dollar to’laysiz.

“Bir oydan beri ayrim o’rindiqlarni yopib qo’yganmiz. Ba’zi aviakompaniyalar ham shunday qilayapti, lekin o’rta joy bo’sh qolishiga kafolat yo’q. Biz shunday kafolatni yo’lovchiga taklif qildik”, - deya tushuntiradi “Frontier” rahbari Berri Bifl.

Ammo tanqidlar ketidan qo’shimcha to’lov bekor qilingan.

Ushbu aviakompaniya Kongress ajratgan ikki trillion dollarlik ko’mak paketidan 170 million dollar madad oladi. Mablag’ sentabr oyigacha maoshga ketadigan xarajatlarning yarmini qoplaydi, deydi suhbatdosh.