Breaking News

Tramp: Koronavirus yozgacha pasaymasligi mumkin, iqtisodiy inqiroz ehtimoli bor


Oq uy, 16-mart, 2020

Prezident Donald Tramp va sog'likni saqlash rasmiylari amerikaliklarni koronavirusni yuqtirmaslik uchun qo'ldan kelgan barcha chorani ko'rishga chaqirmoqda.

Keksalar uyda o'tirishi tavsiya qilinadi. Jamoat joylariga bormang, deya undamoqda hukumat.

Prezident Tramp o'tgan hafta test topshirgan edi. Oq uyga ko'ra, natija salbiy, ya'ni unda virus yo'q.

Favqulodda vaziyat hukmron ekan, amerikaliklar uydan turib ishlamoqda. Bog'chalar, maktablar, kollej va universitetlar yopiq. Guruh bo'lib, kafe-barlar, restoranlar va yig'inlarga ham bormaslik maslahat beriladi.

Prezident Tramp fikricha, koronavirus pandemiyasi tahdidi yozgacha davom etishi mumkin va balki, deydi u, iyul-avgustgacha ham cho'ziladi.

Buning oqibatida, deya tan oladi prezident, AQSh iqtisodi inqiroz tomon yo'nalishi mumkin.

Qimmatbaho qog'ozlar bozorida savdo sust va aksiyalar narxi misli ko'rilmagan darajada tushib ketgan.

Aviakompaniyalar milliardlab dollar zarar ko'rar ekan, Oq uy ularga yordam ko'rsatishga bel bog'lagan. Boshqa sanoatlarga ham imtiyozlar va ko'mak beriladi.

"Biz koronavirusga qarshi a'lo darajada kurashayapmiz", deydi Tramp. "Professionallar o'z ishini bajarmoqda".

Ommaviy so'rovlarda amerikaliklar davlat rahbarining bu boradagi say-harakatlarini past baholaydi.

Hozirda koronavirusga chalinganlar dunyo bo'ylab 180 mingdan oshgan. 7000 dan oshiq odam o'lgan. 80 mingga yaqini tuzalgan. AQShda 77 kishi bu virusdan vafot etgan. Kasallanganlar soni 4500 ga yaqinlashgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG